Prezidentlar “O‘zbek-turkman” do‘stlik uyida bo‘lishdi

O‘zbek va turkman xalqlarining tili va urf-odatlari bir-biriga yaqin, madaniyati uyg‘un, adabiyoti va san’ati umumiy.

Bugungi kunda Xorazm viloyati Urganch tumanidagi G‘oybu qishlog‘ida minglab turkmanlar o‘zbeklar bilan ahil-inoqlikda, bir oila vakillaridek yashab kelmoqda. Ularning o‘z ona tillarida ta’lim olishi, urf-odatlari va an’analarini rivojlantirish uchun barcha sharoit yaratilgan. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan ushbu hududda keng ko‘lamli bunyodkorlik va obodonlik ishlari amalga oshirildi. Yangilangan loyihadagi uy-joylar, maktab, maktabgacha ta’lim muassasalari, bolalar musiqa va san’at maktabi, oilaviy poliklinika qad rostladi. Qisqa muddatda zamonaviy va milliy me’morchilik an’analari asosida “O‘zbek-turkman” do‘stlik uyi bunyod etildi.

Shavkat Mirziyoyev va Gurbanguli Berdimuhamedov xalqlarimiz do‘stligi ramzi sifatida barpo etilgan ushbu inshootni borib ko‘rdi. Bu yerda yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi. Binoda ikki mingdan ziyod turkman, o‘zbek va jahon adabiyoti fondiga ega kutubxona, ikki xalqning ko‘p asrlik tarixiy do‘stligini ifodalovchi muzey, turli fan va san’at to‘garaklari xonalari va ikki yuzdan ortiq o‘ringa ega faollar zali joy olgan.

783e0129-6b6e-26fb-42f2-ef1612aa6631.jpg

Faollar zali to‘riga Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning “Turkmaniston – biz uchun tarix va vaqt sinovidan o‘tgan, ko‘p asrlik do‘stlik va hamkorlik munosabatlari bog‘lab turadigan eng yaqin qo‘shnimizdir.

Haqiqiy do‘stlik va yaqin qo‘shnichilik munosabatlari qanday bo‘lishi lozimligini biz boshqalarga ibrat qilib ko‘rsatish uchun barcha imkoniyatlarni ishga solamiz” hamda Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedovning “Turkmaniston va O‘zbekiston o‘rtasidagi munosabatlar – bir-birini qadrlaydigan va hurmat qiladigan qardosh xalqlar, mehribon qo‘shnilarning muloqotidir.

Ushbu mustahkam poydevor asosida biz bundan buyon ham xalqlarimiz o‘rtasidagi an’anaviy do‘stlik va qardoshlik aloqalarini rivojlantiramiz va mustahkamlaymiz”, degan so‘zlari bitilgan.

Bu ushbu binoga tashrif buyuruvchi ikki xalq vakillari, ayniqsa, yoshlari o‘rtasida do‘stlik rishtalarini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.

Davlat rahbarlari “O‘zbek-turkman” do‘stlik uyi hovlisiga o‘rnatilgan turkman xalqining buyuk mutafakkiri va shoiri Maxtumquli Firog‘iy byusti poyiga gul qo‘ydi.

Turkman xalqi Alisher Navoiy g‘azallarini sevib o‘qiganidek, o‘zbeklar ham Maxtumqulini o‘z shoiridek ardoqlaydi.

5b820aed-979b-373c-6a07-f6b6d8a88dfc.jpg

Atoqli shoir “Firog‘iyning ikki ko‘zi bor, biri turkman bo‘lsa, biri o‘zbegim”, deya ikki xalq o‘rtasidagi qardoshlik va do‘stlikni alohida e’tirof etgan edi. Bugun ushbu do‘stlik an’analari yangi bosqiga ko‘tarildi.

Shundan so‘ng Prezidentlar Shavkat Mirziyoyev va Gurbanguli Berdimuhamedov “Ulli hovli” yodgorlik majmuasiga tashrif buyurdilar.

O‘n yettinchi asrga tegishli bo‘lgan ushbu majmuada Prezidentimiz tashabbusi bilan keng ko‘lamli ta’mirlash ishlari amalga oshirildi. Ta’mirlash ishlarida binoning asl tarixiy holatini saqlab qolishga harakat qilindi. Mazkur obida salkam bir gektar maydonni egallagan himoya qo‘rg‘oni bilan o‘ralgan. U bu yerda istiqomat qilgan oilalarning xavfsizligini ta’minlagan. Bu yerda turkman xalqining milliy madaniyatiga tegishli osori-atiqalar bor. Majmuada sayyohlik va ziyorat turizmini rivojlantirishga ham alohida e’tibor qaratildi. Yigirma o‘rinli mehmonxona qurildi. Turkman o‘tovlari o‘rnatildi.

Sayyohlar bu yerda tegirmonlarda un va guruch tayyorlash hamda ulardan turli mazali taomlar pishirish, tandirlarda xorazmcha va turkmancha non va patir yopish jarayonining guvohi bo‘lishi mumkin.

Shu yerda o‘zbek va turkman mumtoz qo‘shiqlaridan namunalar ijro etildi.

3861232c-ad1a-eeb1-e83a-288fbb14397c.jpg
031147ba-0770-aa03-dbe5-2410f39d9021.jpg
27a6aad6-e461-c586-b109-14b81dd16f11.jpg

 

Z. Jonibekov, A.Shokirov, O‘zA