Qoraqalpog‘iston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi 5-son sil va nafas olish organlarining surunkali kasalliklari xavfi bo‘lgan bolalar uchun sanatoriy tipidagi ixtisoslashtirilgan davlat ta’lim tashkilotining tarbiyachisi R.Yu. To‘rtko‘l tumani adliya bo‘limiga yozma murojaat qilgan.

Murojaatda unga maktab-internatida sog‘lom turmush tarzi va ommaviy sportni rivojlantirish maqsadida “Sport targ‘ibotchisi” qo‘shimcha lavozim yuklatilganligi bayon etilgan. Ammo tashkilotning 2022 yil 24 oktyabr kungi buyrug‘i bilan ishlayotgani, lekin unga davlat tomonidan belgilangan 20 foizli ustama to‘lab berilmay kelinayotganligi bayon etilgan.

–Mazkur holat yuzasidan xodimning murojaati tegishli tartibda o‘rganilib, maktab-internati tarbiyachisi R.Yu.ga yuklatilgan “Sport targ‘ibotchisi” qo‘shimcha lavozimi vazifasi uchun 2575370 (ikki million besh yuz yetmish besh ming uch yuz yetmish) so‘m miqdoridagi mablag‘ kam to‘langan holati aniqlandi, – deydi To‘rtko‘l tumani adliya bo‘limi yuridik xizmat ko‘rsatish markazi bosh yuriskonsulti Jo‘rabek Ismoilov. –O‘z navbatida, tuman adliya bo‘limi tomonidan ko‘rilgan huquqiy ta’sir chorasi natijasida, ushbu xodimga ko‘rsatilgan mablag‘ to‘liq to‘lab berilishi ta’minlandi. Qonun buzilishga yo‘l qo‘ygan shaxslarga esa qonunda belgilangan javobgarlik choralari ko‘rildi.

Dovud ABIBULLAEV, O‘zA muxbiri.