Shavkat Mirziyoyevning Sirdaryo viloyatiga tashrifi boshlandi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev joylarda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari, ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning borishi, yirik loyihalar bilan yaqindan tanishish, xalq bilan muloqot qilish maqsadida 13 aprel kuni Sirdaryo viloyatiga tashrif buyurdi.

Mustaqillik yillarida viloyat har tomonlama rivojlandi, uning shahar va qishloqlari obod bo‘lib, aholining turmush farovonligi oshdi. Hududda amalga oshirilayotgan izchil islohotlar samarasida qurilish, qishloq xo‘jaligi tarmoqlarida, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik, ijtimoiy sohalarni rivojlantirishda salmoqli natijalarga erishilmoqda.

Prezidentimiz o‘tgan yilning 17 may kuni viloyatga tashrif buyurib, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish jarayoni bilan tanishgan edi. O‘tgan vaqt mobaynida viloyatda ulkan ishlar amalga oshirildi.

Viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish Dasturi doirasida 2017 yil yakuniga ko‘ra, umumiy qiymati 507 milliard 200 million so‘m investitsiyalarning o‘zlashtirilishi hisobiga 1 ming 108 katta va kichik loyihalar doirasida yangi quvvatlar ishga tushirilib, 6 ming 200 yangi ish o‘rinlari tashkil etildi.

Viloyatda faoliyat yuritayotgan 7 mingdan ortiq tadbirkor va xususiy biznes subyektlari faoliyatini yanada rivojlantirish maqsadida “Tadbirkorlikka ko‘maklashish markazi” direksiyasi tashkil etildi. Sirdaryo tumani “Malek” suv iste’molchilari uyushmasi hududida 10 ming bosh zotli echki boqishga, sutni qayta ishlash va maxsus yem ishlab chiqarishga mo‘ljallangan yirik loyiha amalga oshirilmoqda. Loyihaning ilk bosqichi joriy yilda to‘liq amalga oshadi. Bu yerda oyiga 614 tonna sut yetishtirilib, undan 120 tonna pishloq va 98 tonna brinza jami 5,6 milliard so‘mlik mahsulot ishlab chiqariladi. Bugungi kunda qo‘shma korxonada 20 nafar sirdaryolik yoshlar ish bilan ta’minlangan. Loyiha to‘liq amalga oshirilgach 100 yangi ish o‘rni barpo etiladi.

Sirdaryo tumanida “Sirdaryo Golden Fruits” MChJ tomonidan qiymati 6,8 million dollar bo‘lgan polietilen qop ishlab chiqarish va sovutgichli sig‘im tashkil etish loyihasi amalga oshirildi. Bu yerda, yiliga 1 million dona polietilen qop ishlab chiqarish quvvatiga ega korxona ishga tushirilib, 25 yangi ish o‘rni yaratildi.

“Yangiyer kichik sanoat zonasi” hududida amalga oshirilishi rejalashtirilgan 136 loyiha bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” ishlab chiqilib, shu asosda qiymati 737,4 milliard so‘m hamda 31,3 million dollarlik 78 loyiha ishga tushiriladi. Natijada, 2 ming 800 yangi ish o‘rni yaratiladi.

O‘tgan bir yil davomida viloyatda aholi bandligini ta’minlash borasida muayyan ishlar amalga oshirildi. Jumladan, Sirdaryo, Guliston, Sayxunobod va Sardoba tumanlarida ish so‘rab murojaat qilgan 8 ming 400 nafar ishsiz fuqarolarning 5 ming 600 nafari ishga joylashtirildi. 2018 yilda viloyatning barcha shahar va tumanlarida 40 mingdan ziyod fuqaroni jamoat ishlariga jalb etish uchun 19 milliard 800 million so‘m mablag‘ sarflanishi belgilangan.

Prezidentimizning 2017 yil 15 sentabrdagi qaroriga asosan viloyatda “Bek klaster” korxonasi tashkil etildi. Mirzaobod tumanidan 13 ming gektar, Xovos tumanidan 5 ming gektar yer maydoni ajratildi. Paxta yetishtirishning yangicha tizimi joriy etildi. Mazkur korxona tomonidan 165 million AQSh dollar miqdorida xorijiy investitsiyalar jalb qilinishi hamda 30 ming tonna paxta, 80 ming tonna ozuqa ekinlari, 10 ming tonna paxta tolasi, 15 ming tonna urug‘lik chigit, 100 gektar issiqxona tashkil etilishi va boshqa mahsulotlar ishlab chiqarilishi rejalashtirilgan.

Viloyatda 2017-2018 yillarda 1 ming 820 yangilangan namunaviy loyihalar asosida arzonlashtirilgan uy-joylar qurib bitkazilishi ko‘zda tutilgan bo‘lib, ayni chog‘da, ularning 826 tasi foydalanishga topshirilgan.

Mirzaobod tumanida 2 ming gektar maydonda yangi anorzorlar barpo etilib, bugungi kunda 1 ming 11 gektar maydon fermer xo‘jaliklariga anorzorlar tashkil etish maqsadida ajratib berilgan. Yetishtirilgan mahsulotlar eksportga yo‘naltiriladi.

2017 yilda Investitsiya dasturiga asosan 6 milliard 700 million so‘m mablag‘ o‘zlashtirilib, 7 dona quduq yangidan qazildi, 31 kilometrdan ortiq ichimlik suv tarmog‘i qurildi va 40 qishloq aholisining ichimlik suvi ta’minoti yaxshilandi. Aholini uzluksiz elektr energiyasi bilan ta’minlash maqsadida 596 kilometr ziyod uzunlikdagi elektr uzatish tarmoqlari, 386 dona transformator punktlari mukammal ta’mirdan chiqarildi. Aholini tabiiy gaz bilan ta’minlash, suyultirilgan gaz balonlari va ko‘mir yetkazib berishda ham keng qamrovli ishlar amalga oshirildi.

Davlatimiz rahbari tashabbusi amalga oshirilayotgan “Obod qishloq” dasturi asosida Xovos tumanidagi Xovosobod qishlog‘i namunali qishloqqa aylantirilib, odamlarga munosib turmush sharoiti yaratildi.

Prezidentimizning navbatdagi tashrifi davomida ham viloyatni yanada rivojlantirishga qaratilgan qator loyihalarning amalga oshirilishi, avvalgi tashrifda bergan topshiriqlarning ijrosi, aholining talab-ehtiyojlari bilan bevosita tanishish ko‘zda tutilgan.

 

Abdujalol Qayumov, O‘zA