Yevropa chempionlar ligasining yarim final bahslari start oldi. Kecha oqshom “Bavariya” — “Real” klublari o‘rtasidagi ilk o‘yin 2:2 hisobidagi durang bilan yakunlandi.

Uchrashuvda Madrid jamoasi tarkibida Vinisius Junior dubl qayd etgan bo‘lsa, Myunxen klubi safida Sane hamda Keyn gol urishga muvaffaq bo‘ldi. Vinisius Junior uchrashuvning eng yaxshi o‘yinchisi bo‘ldi.

Endi bu jamoalar 8-may kuni Madrid shahrida javob bahsini o‘tkazadi. Mazkur o‘yinda g‘alaba qozongan jamoa Chempionlar ligasi finaliga yo‘l oladi.

Bugun, 1-maydan 2-mayga o‘tar kechasi “Borussiya Dortmund” – “PSJ” jamoasi o‘rtasidagi ikkinchi yarim final bahsi o‘tkaziladi.

***  

U23 Osiyo kubogining uchinchi o‘rin uchun o‘tadigan bahsida Iroq va Indoneziya terma jamoalari o‘zaro raqobatlashadi. O‘yinni saudiyalik Majid Muhammad Al Shammari boshchiligidagi hakamlar boshqarib boradi. Shuningdek, bahsda hamyurtimiz Vladislav Seytlin nazoratchi hakam sifatida ishlaydi.

Eslatib o‘tamiz, mazkur bahsda g‘olib bo‘lgan jamoa Parij Olimpiadasiga yo‘llanmani qo‘lga kiritadi. Mag‘lub Afrikaning Gvineya terma jamoasi bilan Olimpiada uchun so‘nggi yo‘llanma uchun o‘yin o‘tkazadi.

Shu o‘rinda, 3-may kuni o‘tadigan final o‘yinida O‘zbekiston Olimpiya terma jamoasi Yaponiya termasiga qarshi maydonga tushadi. Afsuski, bu o‘yinda himoyachimiz Abduqodir Husanov va yarim himoyachi Hojimat Erkinov ishtirok eta olmaydi. Bunga sabab, ikkala futbolchining klubi bilan kelishuvi shunday bo‘lgan.

Ma’lumot uchun, H.Erkinov o‘ynayotgan “Al Vahda” 3-may kuni BAA Liga kubogi finalida “Al Ayn”ga qarshi maydonga tushishi lozim. Shu kuni esa A.Husanov jamoasi Fransiya chempionatida “Loryan”ga qarshi o‘yin o‘tkazadi.

***  

O‘zbekiston milliy terma jamoasi sardori Eldor Shomurodov yozda kelasi mavsumni qaysi klubda o‘tkazish masalasini hal qilishi kerak. Sababi, legionerimizning “Roma” bilan 2026-yilning 30-iyunigacha davom etadigan shartnomasi bor. Biroq Rim klubi murabbiylar shtabi kelasi mavsum unga asosiy tarkibdan joy berishi ehtimoldan ancha yiroq.

Poytaxt klubi o‘zbekistonlik o‘yinchini 10 million yevroga baholamoqda va uni to‘liq transfer qilishni mo‘ljallayapti. Eldorning hozirgi klubi “Kalyari” mutasaddilari esa futbolchimizga kelasi mavsumga qadar ishonch bildirmoqda.

Bu transferni amalga oshirish faqatgina bir masalaga bog‘liq ekani aytilmoqda. Ya’ni, “Kalyari” yuqori diviziondagi joyini saqlab qolsagina E.Shomurodovni olib qolish bo‘yicha ishga kirishadi.

Hozirda Eldorga Turkiya va arab mamlakatlaridan jiddiy qiziqish bo‘lmoqda. Lekin hujumchining o‘zi faoliyatini Italiyada davom ettirishni ma’qul ko‘rishini bildirgan.

 

Javohir Toshxo‘jayev,  

O‘zA