Bugundan musulmonlar uchun muqaddas Ramazon oyi

boshlandi. Bu oy dunyo bo‘ylab islom diniga e’tiqod qiluvchilar 30 kun davomida muayyan muddat yegulik va ichimlikdan o‘zini tiyadi.

Binobarin, dunyoning turli burchaklarida muslimlarning noz-ne’matdan voz kechish tartibida farq mavjud. Ya’ni, Ramazon oyida ro‘za tutish muddati, joyiga qarab, 13-15 soatga to‘g‘ri keladi. Masalan, Muqaddas oyning birinchi kunida eng uzun ro‘za shimoliy kenglikda kuzatiladi. Grenlandiyaning Nuuk nomli hududida musulmonlar 15 soat 21 daqiqa iste’mol qilmaydilar. Eng qisqa ro‘za esa Malayziya poytaxti Kuala-Lumpurda – 13 soat 23 daqiqaga teng.

“Anadolu” xabariga ko‘ra, aksariyat musulmon mamlakatlarida 2023 yil Ramazon 23 martdan boshlanadi.

Saudiya Arabistoni, Qatar, Iroq, BAA, Quvayt, Bahrayn, Falastin, Suriya, Yaman, Misr, Livan, Sudan, Liviya, Tunis va Eron hukumatlari payshanba kunidan Ramazon kirib kelganini e’lon qildi. Iordaniya, O‘mon, Jazoir, Mavritaniya va Marokashda bugun yarim oy kuzatilgandan so‘ng tegishli e’lon o‘qiladi.

Ozarbayjonda Ramazon oyi munosabati bilan Kavkaz musulmonlari idorasi G‘oziylar kengashi fatvo chiqardi. Hujjatda aytilishicha, Shamaxi Astrofizika rasadxonasidan kelgan xatga ko‘ra, bu yil Ramazon oyi 23 martdan boshlanadi. Mamlakatda Ramazon bayrami 21-22 aprel kunlari nishonlanadi.

Rossiya Federatsiyasi musulmonlari diniy boshqarmasi ham 2023 yildagi muqaddas oyning boshi va oxirini belgiladi – 22 mart-20 aprel. Ro‘zaning birinchi kuni 23 martga to‘g‘ri keladi. Oy 21 aprel kuni ulug‘ iftorlik bayrami – Ramazon hayiti bilan yakunlanadi.

Muslimlar uchun farz oyi hisoblangan Ramazon islomning besh arkonidan biridir. Bu oy kunduzi ovqatlanish va suyuqlik ichishdan bosh tortiladi.

 

O‘zA