Hurmatli konferensiya qatnashchilari!

Qadrli mehmonlar!

Avvalo, sizlarni jadid ma’rifatparvarlarining hayoti va ijtimoiy faoliyati, ilmiy-ijodiy merosini o‘rganishga bag‘ishlangan xalqaro konferensiyaning ochilishi bilan tabriklayman.

Ushbu nufuzli anjumanni tashkil etish va o‘tkazishda bizni qo‘llab-quvvatlagan Turkiy davlatlar tashkiloti, TURKSOY, Xalqaro turk akademiyasi, Turk madaniyati va merosi xalqaro fondi, Turkiy davlatlar parlamentlari assambleyasi rahbarlari va vakillariga, barcha xorijiy olimlarga chin qalbimdan tashakkur bildiraman.

Aziz do‘stlar!

XIX asr oxiri va XX asr boshlarida bir qator sharq va musulmon mamlakatlarida vujudga kelgan jadidchilik harakati Turkiston o‘lkasida teran tarixiy ildizlarga egadir. Yurtimiz ulkan ijtimoiy-siyosiy va ma’rifiy ahamiyatga ega ushbu jarayonlardan chetda qolmagani, aksincha, bu harakatning markazlaridan biriga aylanganini ta’kidlash lozim.

O‘z zamonining ilg‘or namoyandalari bo‘lgan jadidlar g‘oyat murakkab va qiyin sharoitda bilim va ma’rifat tarqatish, ta’lim-tarbiya sohasini tubdan isloh etish orqali milliy taraqqiyotga erishish g‘oyasi bilan maydonga chiqdilar.

Shu maqsadda o‘z mablag‘lari hisobidan maktab va teatrlar, nashriyot va kutubxonalar, gazeta va jurnallar tashkil qildilar, qobiliyatli yoshlarni chet ellarga o‘qishga yubordilar. Ularning bu olijanob tashabbus va harakatlari jamiyat hayotida kuchli aks sado berib, qudratli to‘lqinga aylandi.

O‘ylaymanki, tarixda ikki buyuk Renessansga zamin bo‘lgan mintaqamizda uchinchi Renessansni aynan jadid ajdodlarimiz amalga oshirishlari mumkin edi. Afsuski, mustabid tuzum ularning ezgu g‘oya va amaliy harakatlarini to‘la ro‘yobga chiqarishga imkon bermadi.

Biz bugun mamlakatimizda erkin fuqarolik jamiyati, huquqiy demokratik davlat barpo etar ekanmiz, jadid bobolarimizning gumanistik qarashlariga tayanamiz, ularning merosidan ma’naviy kuch-quvvat olamiz.

Yurtimizda mustabid tuzum davrida siyosiy qatag‘onga uchragan ajdodlarimiz xotirasini abadiylashtirish bo‘yicha katta ishlar amalga oshirilmoqda. 31 avgust – Qatag‘on qurbonlarini yod etish kuni sifatida keng nishonlanmoqda. “Shahidlar xotirasi” yodgorlik majmuasi, Qatag‘on qurbonlari xotirasi davlat muzeyi va uning hududiy bo‘limlari faoliyat olib bormoqda. Jadidchilik harakati tarixiga oid ilmiy tadqiqotlar, badiiy asarlar, kinofilmlar ko‘plab yaratilmoqda. Ulug‘ ma’rifatparvarlarimiz nomlari bilan ataladigan yodgorlik majmualari, ta’lim muassasalari, muzeylar, bog‘ va xiyobonlar barpo etilmoqda.

O‘tgan uch yil mobaynida O‘zbekiston Oliy sudi tomonidan qatag‘on qurboni bo‘lgan to‘rt yuzdan ziyod vatandoshlarimizning nomlari oqlandi. Ularning aksariyat qismini jadidchilik harakati vakillari tashkil etishi ayniqsa e’tiborlidir.

Hurmatli do‘stlar!

Biz ma’rifatparvar bobolarimizning muqaddas orzularini ro‘yobga chiqarish uchun mamlakatimizda yangi Renessans poydevorini yaratishni strategik vazifa qilib belgilaganmiz. Shu maqsadda ilm-fan, ta’lim-tarbiya, madaniyat sohalarida tub islohotlarni amalga oshirmoqdamiz.

Bu borada avvalo ta’lim tizimini zamon talablari asosida tashkil etish, o‘qituvchi va murabbiylarning jamiyatimiz hayotidagi o‘rni va ta’sirini kuchaytirishga ustuvor ahamiyat qaratmoqdamiz.

Keyingi olti yilda respublikamizda maktabgacha ta’lim tashkilotlari soni qariyb 6 barobar ko‘payib, 4988 tadan 29420 taga, oliy o‘quv yurtlari soni esa 77 tadan 213 taga yetkazildi. Yurtimizda yangi turdagi Prezident maktablari, ijod maktablari, ixtisoslashgan maktablar faoliyati yo‘lga qo‘yilmoqda.

Farzandlarimizni har tomonlama barkamol, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga sodiq insonlar etib tarbiyalashda taraqqiyparvar ajdodlarimizning aql-zakovati, iroda va matonati barchamiz uchun ibrat maktabi bo‘lib xizmat qiladi.

Biz xalqaro ilmiy markazlar, dunyo olimlari bilan hamkorlikda jadidlar faoliyatini yanada chuqur o‘rganishni dolzarb vazifa deb hisoblaymiz. Bu noyob meros orqali bugungi kunda insoniyatni tashvishga solayotgan juda ko‘p savollarga to‘g‘ri javob topa olamiz. Bu bebaho boylikni qancha faol targ‘ib etsak, xalqimiz, ayniqsa, yoshlarimiz bugungi tinch va erkin hayotning qadrini anglab yetadi.

Anjumanning barcha qatnashchilariga sihat-salomatlik, yangi ijodiy yutuqlar, konferensiya ishiga esa muvaffaqiyatlar tilayman.

 

Shavkat Mirziyoyev,

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti