Qozog‘istondagi Xoja Ahmad Yassaviy nomidagi Xalqaro qozoq-turk universiteti turkologiya instituti direktori Qulbek Ergobek va qozog‘istonlik o‘zbek yozuvchisi Abdurahim Pratov O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida mehmon bo‘ldi.

Uyushma axborot xizmatiga ko‘ra, Qulbek Ergobek turkiy xalqlar adabiyoti mavzusida o‘nlab monografiyalar muallifi hisoblanadi. Uning o‘zbek, boshqird, qozoq va qirg‘iz adabiyotining yorqin vakillari – Mirtemir, Odil Yoqubov, Mustay Karim, Sobit Muqonov, Chingiz Aytmatov ijodi haqidagi risolalari qozoq va rus tillarida e’lon qilingan.

Uchrashuvda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisining ijodiy ishlar bo‘yicha birinchi o‘rinbosari Nodir Jonuzoq o‘zbek va qozoq adabiy aloqalarini yanada mustahkamlash yo‘lida amalga oshirilayotgan ishlar haqida batafsil to‘xtalib o‘tdi.

– O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida Qozoq adabiyoti kengashi ko‘pdan buyon ish olib boradi, – dedi Nodir Jonuzoq. – Bugun biz Qaldibek Seydanov, Aqshagul To‘legenova, Oysuluv Axanova kabi yozuvchi va shoirlarimiz bilan faxrlanamiz.

Qulbek Ergobek, o‘z navbatida, o‘zbek adabiyoti turkiy adabiyotdek katta xazinaning bebaho gavhari ekanligini ta’kidladi va do‘stlik aloqalari milliy adabiyotlarni boyitishga xizmat qilishini aytdi.

Mehmonlar Yozuvchilar uyushmasi tarixi muzeyi va Adiblar xiyoboni bilan yaqindan tanishdi.

O‘zA