Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filialida o‘zbek xalqining sadoqat va vafo timsoli bo‘lgan shoirasi Zulfiya Isroilova tavalludiga 108 yil hamda O‘zbekiston Qahramoni, xalq shoiri Abdulla Oripov tavalludiga 82 yil to‘lishi munosabati bilan “Beg‘ubor qalb kuychilari” mavzusida adabiy-badiiy kecha bo‘lib o‘tdi

Ta’kidlanganidek, yurtimizga bahor faslining kirib kelishi bilan otashnafas shoira Zulfiyaxonim tavallud ayyomini keng nishonlash yaxshi bir an’anaga aylangan. Filial Axborot resurs markazi bo‘limi tashabbusi bilan tashkil etilgan ushbu tadbirda so‘zga chiqqanlar buyuk shoirlarning hayoti va ijodiga to‘xtaldi. She’riyat shunday qudratli kuchki, uning ixlosmandlari bu ajib bir olamning sehridan va ziyosidan bahramand bo‘lish barobarida qalbida chin ma’noda yuksak insoniy tuyg‘ular kurtak ochadi.

Zulfiyaxonim hamda Abdulla Oripovning asarlari talaba yoshlarni vatanga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etadi. Ularning ibratli hayot va ijod yo‘li, oliyjanob insoniy fazilati har birimizga ibrat bo‘la oladi.

Kecha talaba yoshlar tomonidan sahnalashtirilgan ajoyib chiqishlar bilan davom etdi. Jumladan, shoirlarning eng sara she’rlari ijro etildi, ularning qalamiga mansub kuy va qo‘shiqlar yangradi, sahna ko‘rinishlari namoyish etildi. Tadbir yakunida faol ishtirok etgan talaba yoshlar faxriy yorliq bilan taqdirlandi.

Dovud ABIBULLAEV, O‘zA muxbiri