2023 yil 1 sentyabrdan boshlab nogironligi bo‘lgan shaxslarni protez-ortopediya moslamalari va reabilitatsiya qilishning texnik vositalari bilan ta’minlashda nogironligi bo‘lgan shaxslardan tibbiy xulosa talab qilish bekor qilinadi.
Bu haqida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 27 fevraldagi “Nogironligi bo‘lgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlash tizimini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida belgilandi.
Bunda fuqarolarni tibbiy-ijtimoiy ekspertizadan o‘tkazish va nogironlikni belgilash bilan bir vaqtda tegishli protez-ortopediya moslamalari va reabilitatsiya qilishning texnik vositalarini olish uchun tibbiy xulosa tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyalari tomonidan “Tibbiy-ijtimoiy ekspertiza” elektron axborot tizimiga kiritiladi.
Protez-ortopediya moslamalari va reabilitatsiya qilishning texnik vositalarini olish uchun talab etiladigan tibbiy xulosaning mavjudligi o‘zaro axborot almashinuvi orqali aniqlanadi.
“Tibbiy-ijtimoiy ekspertiza” elektron axborot tizimiga kiritilgan tibbiy xulosa asosida mazkur axborot tizimiga integratsiya qilingan “Ijtimoiy xizmat” elektron platformasida nogironligi belgilangan shaxsning murojaati (shu jumladan, elektron tartibda) asosida protez-ortopediya moslamalari va reabilitatsiya qilishning texnik vositalarini olish uchun elektron sertifikat shakllantiriladi.
O‘zA