Toshkent shahar Planetariysida polyak olimi Nikolay Kopernikning 550 yilligiga bag‘ishlangan tadbir o‘tkazildi. Ushbu tadbirda Polshaning O‘zbekistondagi elchixonasi, «Svetlitsa Polska» nomli madaniyat markazi vakillari hamda o‘quvchi yoshlar ishtirok etdi.

Qatnashchilar o‘zbek va polyak xalqining astronomiya ilmi rivojiga hissa qo‘shgan olimlari, xususan, Mirzo Ulug‘bek va Nikolay Kopernikning buyuk ilmiy ixtirolari xususida o‘z fikrlarini bildirishdi.

“Nikolay Kopernik o‘rta asrlarda yashagan buyuk polyak mutafakkiri va astronomi, – deydi Polshaning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Radoslav Gruk. — Olimning «Samoviy sferalarning aylanishi» nomli asarida olamning geliotsentrik tizimi asoslab berilgan. Uning ta’kidlashicha, yer olamning o‘zgarmas markazi emas,negaki, u o‘z o‘qi atrofida aylanib turadi. Yer atrofida esa faqat uning yo‘ldoshi Oy aylanadi, deb xulosa qiladi mutafakkir. Mutafakkirning bashorati kalendar islohoti o‘tkazildi va Kopernik ta’limotiga asoslangan yangi yil hisobi joriy etildi”.

Tadbir davomida astronom olim Kopernikning hayoti va ijodi sahnalashtirildi. Namunaviy zalda esa yulduzli osmon, shuningdek, quyosh sistemasi sayyoralari namoyish qilindi. Maxsus proyektor va tanlab olingan slaydlar yordamida koinot tubiga sho‘ng‘ish, meteoritlar, Shimol yog‘dusi, turli kattalikdagi kometalarni ko‘rish mumkin.

«Ulug‘bek yulduzlari» eksponati mehmonlarda katta taassurot qoldirdi. Unda buyuk alloma Mirzo Ulug‘bek hayoti va faoliyati, astronomiyaga oid kashfiyotlari, ilm-fanga qo‘shgan ulkan hissasi, shogirdlari davrasida o‘tkazgan baxtli onlari tasvirlangan.

Tadbirda mamlakatimizda buyuk ajdodlarimiz yodini tiklash, ular yaratgan asarlarni chuqur o‘rganishga alohida e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi.

Shuningdek, polyak diasporasi vakillari ishtirokida o‘tkazilgan marosim osmon ilmini o‘rgangan qomusiy olim Nikolay Kopernikning dunyo ilm-fani rivojidagi o‘rnini keng jamoatchilikka, jumladan, yoshlarga tushuntirishda ayni muddao bo‘ldi.

 

O‘zA