Fuqarolar S.Ye. A.P. va A.Q.lar Xo‘jayli tumani “Sarishungul” ovul fuqarolar yig‘ini hududidagi xonadonda yashirin sex tashkil qilib, “Qaratau” nomli qalbaki aksiz markali alkogol mahsulotlarini ishlab chiqarayotgani aniqlandi.

Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Nukus shahar bo‘limi tomonidan DXX va IIV xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda ushbu xonadondan 10 ming 54 dona qalbaki aksiz marka, 3 ming 157 dona kapsula, 949 dona qo‘lbola usulda tayyorlangan alkogol mahsuloti, 335 litr spirt va boshqa ishlab chiqarishda foydalanilgan tovar moddiy boyliklar ashyoviy dalil sifatida olingan.

Departamentning Qonliko‘l tumani bo‘limi tomonidan IIB xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tekshiruvda esa  fuqarolar A.K. va F.D. o‘z uylarida qalbaki aksiz markali jami 364 dona qo‘lbola usulda tayyorlangan “Qaratau” nomli alkogol mahsulotlarini sotish maqsadida saqlab kelayotgani aniqlanib, ashyoviy dalil sifatida olingan.

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 176-moddasi (qalbaki pul, aksiz markasi yoki qimmatli qog‘ozlar yasash, ularni o‘tkazish) va 186-1-moddasi (etil spirti, alkogolli mahsulot va tamaki mahsulotini qonunga xilof ravishda ishlab chiqarish yoki muomalaga kiritish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

 

O‘zA