“Taraqqiyot strategiyasi” markazi hamda O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi hamkorligida joriy yilgi Davlat dasturi loyihasi muhokamasiga bag‘ishlangan davra suhbati tashkil etildi.

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakov 2023 yilgi Davlat dasturi loyihasining mazmun-mohiyati va unda nazarda tutilayotgan chora-tadbirlar hamda ular ijrosini ta’minlashda NNTlar va fuqarolik jamiyati boshqa institutlarining faol ishtirokini ta’minlashga alohida to‘xtalib o‘tdi.

Xususan, 2023 yilgi Davlat dasturida hududlarda aholi tomonidan ko‘tarilayotgan dolzarb muammolarni tezkor hal etish maqsadida har oyda kamida bir marotaba Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida Hukumat a’zolari ishtirokida “Hukumat kuni”ni o‘tkazib borish amaliyotini yo‘lga qo‘yish, vazirlik, idora va tashkilotlar tomonidan aholi e’tirozlariga sabab bo‘layotgan tizimli masalalarni aniqlash va ularga yechim topishning sifatini oshirish, aholi muammolari va murojaatlar bilan ishlashda jamoatchilik nazoratini kuchaytirish, davlat organlari ustidan jamoatchilik nazorati o‘rnatishning zamonaviy shakllarini joriy etish kabi vazifalarni amalga oshirishda NNTlarning o‘rni muhim ekanligi aytildi.

Shundan so‘ng, ayni kunga qadar markaz tomonidan ishga tushirilgan maxsus 2023.strategy.uz hamda davlatdasturi.uz portallari hamda markazning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari orqali keng jamoatchilikdan kelib tushgan konseptual takliflar soha va tarmoqlar kesimida ekspertlar ishtirokida tahlil qilindi.

Jumladan, fuqarolarga subsidiya ajratish bo‘yicha mahallalardagi hokim yordamchilari tomonidan beriladigan tavsiyanoma berish tizimini yanada shaffoflashtirish, telekanallar orqali namoyish etilayotgan dorilar reklamasiga chek qo‘yish, hududlarning iqlim va joylashuvidan kelib chiqqan holda shamol generatorlarini o‘rnatish hamda boshlang‘ich ta’lim o‘quvchilarini bepul tushlik bilan ta’minlash jarayonini ota-onalar va faollar ishtirokida nazorat qilib borish kabi takliflar kelib tushmoqda.

Shuningdek, muhokama jarayonida fuqarolik jamiyati institutlari vakillari tomonidan ijtimoiy-iqtisodiy ko‘rsatkichlari past bo‘lgan shahar va tumanlarni rivojlantirishda NNTlar ishtirokiga qaratilgan tanlovlarni e’lon qilish, aholining ehtiyojmand qismi, nogironlar, xotin-qizlar, yoshlarni kasb-hunarga o‘qitish va bandligiga ko‘maklashish, joylarda aholiga turli ijtimoiy-maishiy, ma’naviy-ma’rifiy xizmatlar ko‘rsatish kabi soha va yo‘nalishlarda aniq maqsadli chora-tadbirlarni amalga oshirish bo‘yicha takliflar bildirdi.

Davra suhbati yakunida ishtirokchilar tomonidan bildirilgan taklif va tashabbuslar umumlashtirilib, Farmon loyihasining tegishli bandlarida aks ettirish uchun ko‘rib chiqilishi ma’lum qilindi.

 

O‘zA