So‘nggi yillarda davlatimiz rahbarining hududlarga tashrifi, islohotlar, aholi hayoti bilan yaqindan tanishishi an’anaga aylandi. E’tiborlisi, ushbu tashriflar davomida, eng avvalo aholi turmush farovonligini yaxshilash maqsadida yaratilayotgan sharoitlar yaqindan o‘rganilib, fuqarolar bilan maslahatlashgan holda galdagi vazifa va rejalar belgilab olinmoqda.

Bu galgi Andijon viloyatiga qilingan tashrif davomida ham dalatimiz rahbari dastlab aholi bandligini ta’minlashdagi muhim loyihalar ijrosi ko‘zdan kechirildi. Xususan, viloyatning Bo‘ston tumanida yangidan qurib foydalanishga topshirilgan “Sayyora favvorasi” mas’uliyati cheklangan jamiyati ish faoliyati bilan tanishdi.

Ushbu korxona umumiy qiymati 113 milliard so‘mlik loyiha doirasida tashkil etilib, korxonaga Turkiyadan zamonaviy uskunalar keltirib o‘rnatilgan. Korxonada erkaklar, ayollar va bolalar uchun 50 turdan ortiq, yiliga 1 million 200 ming dona tayyor trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi. Eng muhimi, tumandagi mingga yaqin mahalliy aholi ish bilan ta’minlandi.

Korxona faoliyatidagi yana bir yangilik bu — shu yerning o‘zida kasb-hunarga qayta tayyorlash o‘quv markazining tashkil etilganidir. Ushbu markazda hududdagi ishsiz fuqarolar hunar o‘rganib, o‘z yo‘lini topmoqda. Jumladan, yaqinda 200 nafar ehtiyojmand xotin-qiz kasbga o‘qitilib, ishga olingan.

Davlatimiz rahbarining hududlarga amalga oshirgan tashriflari davomida hudud yoshlari bilan uchrashib ularning fikrlari, orzu va maqsadlarini tinglashi, ijtimoiy soha ob’ektlari faoliyati bilan tanishishi ham an’anaga aylangan jarayondir. Shu boisdan, Prezidentimiz Andijonga qilgan tashrifi davomida Andijon tumanidagi 55-umumta’lim maktabida bo‘lib, u yerda yoshlarning ta’lim olishlari uchun yaratib berilgan sharoitlar bilan tanishib, maktabda kasb-hunar o‘rganayotgan yoshlar bilan suhbatlashdi.

Ma’lumki, 2022 yil dekabr oyida Prezidentimiz O‘zbekiston xalqiga va parlamentga yo‘llagan Murojaatnomasida maktab o‘quvchilarini xorijiy tillar va kasb-hunarga o‘rgatish zarurligini ta’kidlab, tuman va mahallalarning xususiyatidan kelib chiqib, o‘quvchilar maktabning o‘zida 64 xil ishchi kasblarga o‘rgatilishi belgilangan edi.

bugungi kunda maktabning yuqori sinf o‘quvchilari bu yerda tikuvchilik, mebelsozlik, qandolatchilik, kosibchilik, savat to‘qish, ko‘rpa-to‘shak tikish kabi yo‘nalishlarni o‘rganmoqda. Shuningdek, maktab hududida avtomobillarga texnik xizmat ko‘rsatish, payvandlash, tipografiya, kompyuter xizmati va salonlar tashkil etilgan. Bu esa, yoshlarga maktabni bitirib, oliy ta’lim dargohini bitirmasdan turib ham o‘z kasbining yetuk mutaxassisi bo‘lib yetishishiga hissa qo‘shadi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 2021 yil 17 iyun kuni Andijon tumanidagi adirlikda Yangi Andijon shaharchasi qurilishiga poydevor qo‘ygan edi. bugungi kunda bu adirliklarda ko‘p qavatli uylar, maktab va bog‘chalar qad ko‘tarmoqda. Vodiy viloyatlariga qilingan tashrifning ilk kunida ushbu shaharchada qayta tiklanuvchi energiya manbalarini ommalashtirish va aholi bandligini ta’minlash choralari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazildi.

Yig‘ilishda mamlakat iqtisodiyoti va aholi soni o‘sishi bilan elektr iste’moli ham kundan-kunga oshib borayotgani, so‘nggi besh yilda yurtimizda xonadonlar 1 million 200 mingtaga ko‘payib, korxonalar soni esa 260 mingtaga yetgani ta’kidlandi. Natijada, elektr energiyasiga bo‘lgan talab 35 foizga oshgan. Xususan, Andijon, Farg‘ona va Namangan viloyatlarida elektrga talab 40 foizga ko‘paygan.

Shu bois yig‘ilishda quyosh va shamol stansiyalari loyihalariga e’tibor qaratildi. Jumladan, Bu yil Pop va Farg‘ona tumanlarida 600 megavattli 2 ta quyosh elektr stansiyasi qurilishi rejalashtirilgani, Andijonda 41 ta, Namanganda 32 ta va Farg‘onada 27 ta mikro gidroelektr stansiya qurish imkoniyati borligi aytib o‘tildi.

Xususan, bu yildan boshlab, ijtimoiy ob’ektlarda quyosh energiyasidan foydalanish uchun alohida kompaniya tashkil etiladi. Unga 200 million dollar mablag‘ beriladi. Kompaniya quyosh panellari va suv isitish qurilmalarini o‘zi o‘rnatadi hamda byudjet korxonasiga “yashil energiya” sotadi. Shuningdek, ijtimoiy ob’ektlardagi 3 mingta eskirgan qozonlar zamonaviy uskunalarga almashtiriladi.

Viloyat faollari bilan bo‘lib o‘tgan, yig‘ilish kun tartibidagi ikkinchi masala kambag‘allikni qisqartirish va aholi bandligini ta’minlash haqida bo‘ldi. Ma’lumki, bu borada viloyatlarda zarur sharoitlar yaratilmoqda. Xususan, 31 yanvar kuni imzolangan Prezident qaroriga ko‘ra, oilaviy tadbirkorlik uchun imtiyozli kreditlar doirasida Andijon viloyatiga 1,1 trillion so‘m ajratiladi.

So‘nggi ikki yilda aholiga dehqonchilik uchun 8 ming gektar hosildor ekin yerlari berilgan, 2023 yilda yana 10 ming gektar yer tarqatiladi. Mahallalarda sanoatni rivojlantirish uchun 36 ta mikromarkaz tashkil etiladi.

Davlatimiz rahbari ishbilarmon va mehnatsevar odamlar yurti bo‘lgan Andijonni ishsizlikdan xoli hududga aylantirish mumkinligini ta’kidladi. Kezi kelganda aytib o‘tish kerakki, o‘tgan 2022 yil davomida umumiy qiymati 924 million AQSH dollariga teng 633 ta loyiha ishga tushirildi. Buning natijasida 41,1 mingdan ziyod yangi ish o‘rni yaratildi.

Bu yil viloyatda 800 million dollarlik 235 ta investitsiya loyihasi yakunlanib, 40 ming kishi ish bilan ta’minlanadi. Aholiga ajratiladigan 10 ming gektar yerda 75 mingta doimiy va 200 mingta mavsumiy ish joyi ochiladi. Xulosa qilib aytganda, tashrif davomida belgilab berilgan rejalarning o‘z vaqtida samarali hayotga tatbiq etilishi fuqarolar turmush farovonligi yanada yuksalishiga xizmat qiladi.

 

Oltinoy Mamirova,  

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati  

O‘zA