Mamlakatimizda, shu jumladan, Namanganda Olimpiya o‘yinlari dasturiga kiritilgan sport turlarini ommalashtirish va rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Ayniqsa, viloyatda sharqona yakkakurash o‘yinlari oilasiga kiruvchi taekvondo WT turiga qiziquvchi yoshlar safi ortib borayotgani natijasida mazkur sport turi bo‘yicha xalqaro miqyosdagi nufuzli musobaqalarda sezilarli natijalarga erishilmoqda.

Prezidentimizning 2022 yil 29 iyuldagi “Taekvondo (WT) sport turini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida Namangan viloyatidagi 130 ta umumta’lim maktabida 2023 yil 1 yanvardan boshlab yaqin besh yil davomida bosqichma-bosqich ravishda taekvondo (WT) bo‘yicha darsdan tashqari alohida sport seksiyalari tashkil etiladi. Qolaversa, 2024 yilda Hukumat qaroriga muvofiq Namangan shahrida taekvondo (WT) barpo etiladi.

Qayd etish joiz, o‘tgan yilning oktyabr oyida Yangi Namangan tumanidagi “Pahlavon” sport majmuasida taekvondo WT bo‘yicha Markaziy Osiyo davlatlari sportchilari ishtirokidagi “III Namangan open” xalqaro turniri yuqori saviyada tashkil etildi.

Ayni paytda, O‘zbekiston taekvondo WT assotsiatsiyasi Namangan viloyati bo‘limi tomonidan 2024 yilda Fransiyaning Parij shahrida bo‘lajak navbatdagi yozgi Olimpiya o‘yinlariga litsenziya beruvchi xalqaro musobaqalarda munosib ishtirok etishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Viloyatning eng sara 12 nafar yosh, iqtidorli taekvondochisi O‘zbekiston terma jamoasi safida 2023 yilning 9 fevraliga qadar davom etadigan, “G-2” xalqaro reyting bal beruvchi turnirda ishtirok etish uchun Birlashgan Arab Amirliklarining Fudjeyra shahriga jo‘nab ketdi.

Ma’murjon Nozimov va Davronali Soataliyev murabbiyligida sport bilan muntazam shug‘ullanib, ko‘ksi medallarga to‘layotgan Nursulton Hakimov, Diyora Imomaliyeva, Gulshanoy Ismoilova, Hojiakbar Abdurasulov, Gulsanam Alijonova, Asadbek Soataliyev, Azima Ahmadjonova, Marjona Xaitova, Marvarid Omonjonova, Zarnigor Xusniddinova, Zilolabonu Qurbonaliyeva va Umidaxon Hasanova 41 kilogramdan 73 kilogramgacha bo‘lgan vazn toifalarida bahslashadi.


Oqilxon Dadaboyev, O‘zA