Ayni daqiqalarda davlat rahbari Parlament va O‘zbekiston xalqiga murojaat qilmoqda.

–Endi, 2023 yildagi ustuvor yo‘nalishlarga to‘xtalib o‘tmoqchiman.

Birinchi yo‘nalish – ixcham va samarali davlat boshqaruvi tizimiga o‘tishni taklif qilaman.

Nima uchun so‘zni aynan shu yo‘nalishdagi islohotdan boshlayapman?

Oldinlari e’tibordan chetda qolib, “yo‘q bo‘lib ketish” arafasida bo‘lgan sohalarni “oyoqqa turg‘izish” uchun olti yil davomida yangi vazirlik va idoralarni tashkil qilishga to‘g‘ri keldi. Buni qilishga majbur edik, aks holda hozirgi yutuqlarimiz bo‘lmas edi.

Maktabgacha ta’lim, uy-joy kommunal, mahallabay ishlash, investitsiya, davlat xizmatlari, davlat-xususiy sheriklik sohalarida katta natijalarga erishdik.

Xususiy sektor va tadbirkorlikning rivojlanishi ortga qaytmas jarayonga aylandi.

Aholimizning faolligi, zamonaviy texnologiya va kasb-hunarlarga intilishi oshib bormoqda.

Kundan-kunga iqtisodiyotimizda yangi-yangi yo‘nalish va sohalar yaratilmoqda.

Bu borada xususiy tashabbuslarni yanada kengaytirish, ularga yangi istiqbollarni ochish maqsadida, endi “qo‘l boshqaruvi”dan – aniq natijaga ishlaydigan tizimli boshqaruvga o‘tish vaqti keldi, – Prezident.

O‘zA