O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Birlashgan Millatlar Tashkilotining Taraqqiyot Dasturi tomonidan amalga oshirilayotgan Islom taraqqiyot banki, OPEK xalqaro taraqqiyot jamg‘armasi tomonidan moliyalashtirilgan “Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini diversifikatsiya qilishda innovatsion yondashuvlar” va “Zamonaviy fermerlik texnologiyalari. Agroeksport va logistika” mavzularida seminar-trening tashkil etildi.
“Qishloq joylarni barqaror rivojlantirish” qo‘shma loyihasi doirasida o‘tkazilgan tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi vakillari, dehqon-fermer xo‘jaliklari rahbarlari va manfaatdor soha mutaxassislari ishtirok etdi.
Tadbirda xalqaro darajadagi ekspertlar tomonidan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirishning zamonaviy usullari haqida ma’lumotlar berildi. Xususan, ekin ekishdan oldin, nima yetishtirilishini, mahsulot navlarini maqsadga muvofiq to‘g‘ri tanlash, uning bozori va xaridorini o‘rganib chiqish, tuproq tarkibini o‘rganish va tahlil qilish, issiqxona va tomorqalarni ekishga tayyorlashda e’tibor qaratilishi lozim bo‘lgan jihatlar haqida batafsil ma’lumot berildi.
O‘quv mashg‘ulotlar davomida mahalliy fermerlarga o‘z xo‘jaliklarini yaxshilash, o‘zgaruvchan iqtisodiy va iqlim sharoitlariga moslashish yuzasidan amaliy bilim berilib, zarur vositalar bilan ta’minlandi. Ishtirokchilar daromadlarini oshirishga yordam beradigan zamonaviy texnologiyalardan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.
Tadbir yakunida tinglovchilarga tashkilotchilar tomonidan maxsus sertifikatlar topshirildi.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA.