Yurtimizda uyda, qo‘l mehnatidan foydalanib ishlab chiqarishni yanada kengaytirish, xizmat ko‘rsatishni rivojlantirish orqali ish bilan band bo‘lmagan xotin-qizlar sonini qisqartirish, mahallalarda xotin-qizlar bandligini ta’minlash borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

“Ayollar daftari”ga kiritilgan ishsiz xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ular bandligini ta’minlashga e’tibor qaratilmoqda.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qonliko‘l tumanida “Ayollar daftari”dagi 277 nafar xotin-qizning o‘zini o‘zi band qilishini ta’minlash maqsadida elektr pechlar topshirildi.

Tadbirda tuman sektor rahbarlari ishtirok etib, o‘zini o‘zi band qilish uchun  shug‘ullanishi mumkin bo‘lgan faoliyat turlari, ular uchun beriladigan imtiyozlar to‘g‘risida batafsil tushunchalar berdi.

Shuningdek, hududlarni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish  bo‘yicha sektor rahbarlarining faoliyati samaradorligini oshirish maqsadida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Prezidiumi qarori bilan “Mahalla” xayriya jamoat fondi Qonliko‘l tumani bo‘linmasi hisob raqami orqali kam ta’minlangan, ijtimoiy yordamga muhtoj 80 oilaga moddiy yordam ko‘rsatildi.

 

Dovud Abibullayev, O‘zA