“Qo‘ng‘irot soda zavodi” mas’uliyati cheklangan jamiyati qo‘shma korxonasi tomonidan imkoniyati cheklangan va nogironligi bo‘lgan shaxslar, kam ta’minlangan oilalar, yakka-yolg‘iz keksalarni ijtimoiy muhofaza qilish bo‘yicha xayriya tadbirlari o‘tkazilmoqda.

Kuz-qish mavsumini betalafot o‘tkazish maqsadida joylarda tashkil etilgan  ishchi guruhlari tomonidan Nukus shahri va tumanlardagi aholini qiynab kelayotgan ijtimoiy-iqtisodiy va infratyzilma bilan bog‘liq muammolarni o‘rganish, iqtisodiy nochor oilalarni xatlovdan o‘tkazish, ularning muammolarini manzilli ravishda hal etish bo‘yicha topshiriqlar berilgan edi. Mazkur korxona tomonidan Qo‘ng‘irot tumanidagi “Yelobod” shaharcha, “Ustyurt”, “Adabiyot” ovul, “Jinishke”, “Turkiston”, “Temir yo‘l” hamda “Ornek” mahalla fuqarolar yig‘ini hududlarida istiqomat qiluvchi 30 ta ehtiyojmand oilaning ahvoli o‘rganib chiqildi. Ularga zarur oziq-ovqat mahsulotlari, kiyim-kechak, isitish moslamasi va boshqa ehtiyojlari hisob-kitobi qilindi.

O‘tgan kuni korxona mutasaddilari tomonidan ushbu xonadonlarning holidan xabar olinib, ularga oziq-ovqat mahsulotlari topshirildi.

Korxona shuningdek, Nukus shahri va Qo‘ng‘irot tumanidagi mahallalarda olib borilayotgan keng ko‘lamli qurilish, obodonlashtirish ishlariga munosib hissasini qo‘shmoqda. Jumladan, Nukus shahridagi “Janabazar” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida istiqomat qiluvchi ikkita kam ta’minlangan, ehtiyojmand oilaning turar joyini ta’mirlab, tom qismini yopib berishda, Qo‘ng‘irot tumani “Almazor” mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi ichki yo‘llarga qum-shag‘al yotqizishda homiylik yordami ko‘rsatildi.

 

Dovud Abibullayev, O‘zA