Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari qo‘mitasi hamda Yoshlar masalalari bo‘yicha komissiya tomonidan o‘tkazilgan eshituvda Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi raisi o‘rinbosari R.Turdiboyevaning «Yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzi va oila muqaddasligi g‘oyalarini keng targ‘ib qilish, erta turmush qurish va yosh oilalar ajralishining oldini olish to‘g‘risida»gi axboroti tinglandi.

«Xalqimiz oilani muqaddas qo‘rg‘on sifatida e’zozlaydi, — dedi R.Turdiboyeva. — Asosiy qonunimizda ham oila jamiyatning asosiy bo‘g‘ini hamda jamiyat va davlat muhofazasida bo‘lish huquqiga ega ekanligi belgilab qo‘yilgan. Ammo so‘nggi paytlarda qizlarni erta turmushga berish, ularning orzulari, intilishlari bilan qiziqmaslik tufayli oilaviy ajrimlar soni ortmoqda. Achinarlisi, yoshlarni oilaga tayyorlash, mas’uliyatni o‘rgatish o‘rniga dabdabaga, mol-dunyoga o‘chlik, shov-shuvlarga intilish holatlari oilalar mustahkamligini ta’minlashda salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

Oilaviy ajrimlarning, qizlarni erta turmushga uzatishning oldini olish, nikohlanuvchi shaxslarni oilaviy hayotga tayyorlash maqsadida 60 ming 580 nafar nikohlanuvchi shaxslar Yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash markazlarida o‘qitildi. «Farovon oila kelajak poydevori» shiori ostida oilalarni mustahkamlash borasida targ‘ibot tadbirlari o‘tkazilgan. Eng muhimi, 12 ming 710 nafar noqonuniy nikoh asosida yashab kelayotgan oilalarning nikohi qonuniy rasmiylashtirildi. «Nizoli oilalar bilan ishlash individual daftari» amaliyotga tatbiq etilib, ushbu mexanizm orqali ajrim yoqasiga kelib qolgan 23 ming 804 ta nizoli oilalar barqarorlashtirilgan.

Shuningdek, erta nikoh, erta tug‘uruq va istalmagan homiladorlikning oldini olish bo‘yicha 33 yarim ming targ‘ibot tadbirlari o‘tkazilgan. Shu bilan birga, Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan hamkorlikda ta’lim muassasalarida «Qizlarjon klubi» bilan qizlarning reproduktiv salomatligi, sog‘lom turmush tarzi bo‘yicha volontyor qizlarni tayyorlab, tengdosh – tengdoshga tamoyili asosida targ‘ibot ishlari olib borilmoqda.

Eshituvda qo‘mitaning faoliyati tanqidiy baholandi. Muhokamalarda so‘z olgan deputatlar amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlarga qaramay, yoshlar o‘rtasida ajrimlar soni kamaymayotganini, joylarga chiqilganda, bu borada ko‘plab muammolarga duch kelinayotganini ta’kidladilar. Shu bois mahallalarda xotin-qizlar faoli fuqarolar bilan ko‘proq ishlashi, tushuntirish ishlarini olib borishi va jamoatchilik nazorati institutini ayni yo‘nalishda kuchaytirish samarali natija berishi ta’kidlandi.

Shuningdek, yoshlarni o‘qitish, ma’lumotli qilish, kasb-hunarli qilib keyin turmushga uzatish bo‘yicha taklif va tavsiyalar berildi.

Muhtarama Komilova, O‘zA