So‘nggi paytlarda “onlayn qimor”, ya’ni Internet tarmog‘ida qimor va tavakkalchilikka asoslangan turli ko‘rinishdagi o‘yinlar ko‘payib, ayrim fuqarolar oxir-oqibatini o‘ylamay, uning domiga tushib qolmoqda.

Ma’lumotlarga ko‘ra, bu o‘yinlar bilan bog‘liq jinoyatlar 2019 yilda 55 ta, 2020 yilda 86 ta, 2021 yilda 103 ta, 2022 yilning 6 oyida 90 tani tashkil etgan. Mutaxassislarning fikricha, bunday o‘yinlar insonda qaramlikni vujudga keltirib, katta miqdordagi pul mablag‘larini sarflashi, ayrim fuqarolarning o‘z joniga qasd qilish, firibgarlik, byudjet mablag‘larini talon-toroj qilish kabi harakatlar sodir etishiga sabab bo‘lmoqda.

“Onlayn qimor”da yutqazganligi sababli 2021 yilda 6 nafar va 2022 yilning 6 oyida 6 nafar fuqaro o‘z joniga qasd qilib, vafot etgan. Ularning barchasi 25 yoshgacha bo‘lgan yoshlar ekanligi yanada achinarli. Bu raqamlar ushbu holatlarni bartaraf etish choralarini ko‘rish zarurligini ko‘rsatadi.

Shu maqsadda ishlab chiqilgan yangi qonun loyihasida Internetda qimor va tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlar uchun javobgarlik belgilash masalasi o‘z aksini topgan. Qonun loyihasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga kiritilgan. Bu haqda deputat Rasul Kusherboyev o‘zining ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida ma’lum qildi.

Qonun loyihasi bilan Jinoyat kodeksiga kiritilayotgan o‘zgarishlarga ko‘ra, qimor va tavakkalchilikka asoslangan boshqa o‘yinlarni qonunga xilof ravishda tashkil etish, o‘tkazish yoki ularda ishtirok etish uchun telekommunikatsiya tarmoqlari yoxud Internet jahon axborot tarmog‘i orqali xizmatlar ko‘rsatish, tegishli dasturiy ta’minotdan nusxa ko‘paytirish, uni ko‘paytirish, tarqatish BHMning ellik baravaridan yetmish besh baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yuz soatdan uch yuz oltmish soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud uch yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolashga sabab bo‘ladi.

Shuningdek, qimor va tavakkalchilikka asoslangan boshqa o‘yinlarni targ‘ib qiluvchi mahsulotni qonunga xilof ravishda reklama qilish, namoyish etish, tarqatish maqsadida tayyorlash yoki O‘zbekiston Respublikasi hududiga olib kirish, xuddi shuningdek, ommaviy axborot vositalarida, telekommunikatsiya tarmoqlarida yoki Internet jahon axborot tarmog‘ida reklama qilish, namoyish etish, tarqatish, shunday harakatlar uchun ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilgan bo‘lsa, BHMning to‘rt yuz baravaridan olti yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yuz oltmish soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud uch yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.

Bundan tashqari, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga kiritilayotgan qo‘shimchalarga ko‘ra, qimor va tavakkalchilikka asoslangan boshqa o‘yinlarni targ‘ib qiluvchi mahsulotni qonunga xilof ravishda reklama qilish, namoyish etish, tarqatish maqsadida tayyorlash yoki O‘zbekiston Respublikasi hududiga olib kirish, xuddi shuningdek, qimor va tavakkalchilikka asoslangan boshqa o‘yinlarni targ‘ib qiluvchi mahsulotni qonunga xilof ravishda reklama qilish, namoyish etish, tarqatish, shu jumladan ommaviy axborot vositalarida, telekommunikatsiya tarmoqlarida yoki Internet jahon axborot tarmog‘ida reklama qilish, namoyish etish, tarqatish qimor va tavakkalchilikka asoslangan boshqa o‘yinlarni targ‘ib qiluvchi mahsulotni, shu jumladan uni tayyorlash, tarqatish, reklama qilish va namoyish etish vositalarini musodara qilib, fuqarolarga BHMning yuz baravari, mansabdor shaxslarga esa – ikki yuz baravari miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Ta’kidlash joizki, ayni paytda mazkur qonun loyihasi siyosiy partiyalar fraksiyalari va qo‘mitalarda ko‘rib chiqilmoqda.

 

M.Komilova,  

O‘zA