Ayni paytda poytaxtimizda Markaziy Osiyo davlatlarining BMT Global aksilterror strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha Qo‘shma harakatlar rejasi doirasidagi mintaqaviy hamkorlik mavzusida yuqori darajadagi xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tmoqda.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antoniu Guterrish xalqaro anjuman ishtirokchilariga yo‘llagan videomurojaatida bugungi konferensiya terrorizmga qarshi kurashda sa’y-harakatlarni birlashtirish muhimligini hamda tinchlik, inson huquqlari va umumbashariy taraqqiyot kabi qadriyatlarning ahamiyatini eslatishini ta’kidladi.

– Odamlar bu qadriyatlarni kundalik hayotida ko‘rmasa, tarqoqlik va ekstremizm kuchayadi, – dedi Bosh kotib.

Eslatib o‘tamiz, xalqaro konferensiya O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyasida ilgari surilgan tashabbusi doirasida tashkil etildi.

Anjumanda Yevropa Ittifoqi, Markaziy va Janubiy Osiyoning milliy va xorijiy tahlil markazlari mas’ul xodimlari va yetakchi ekspertlari, donor davlatlar, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar hamda fuqarolik jamiyati institutlari vakillari ishtirok etmoqda.

Antoniu Guterrish o‘n yil avval Markaziy Osiyoda Global strategiyani amalga oshirish bo‘yicha Qo‘shma harakatlar rejasini qabul qilgan va uni BMT bilan yaqin hamkorlikda bosqichma-bosqich amalga oshirib kelayotgan Markaziy Osiyo davlatlarining sa’y-harakatlarini yuqori baholaydi.

Go‘zal Sattorova,
Nosirjon Haydarov, (surat) O‘zA