Yevroosiyo hukumatlararo kengashining navbatdagi yig‘ilishida kuzatuvchi davlat maqomida ishtirok etish uchun O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov boshchiligidagi mamlakatimiz delegatsiyasi 25fevral kuni Nur-Sulton shahriga tashrif buyurdi.

Yig‘ilishda qayd etilganidek, pandemiyaga qaramay O‘zbekistonning Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi mamlakatlari bilan tashqi savdo aylanmasi 2021yilda 30 foizga o‘sib, 12,8 milliard dollarni tashkil etdi.

Savdo aylanmasi hajmini yanada oshirish maqsadida Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasi bilan tizimli va samarali ish olib borilmoqda. O‘zbekiston hukumati va YeOII o‘rtasidagi qo‘shma “Yo‘l xaritasi”ni kelishish ishlari yakuniga yetkazilmoqda. Mazkur hujjat O‘zbekistonning tegishli organlari bilan Komissiyaning savdo, sanoat, bojxona, moliya va soliq sohalarida, shuningdek, energetika, texnik jihatdan tartibga solish, dori vositalari va tibbiy uskunalar muomalasi sohalarida yaqindan hamkorlik qilishga qaratilgan bir qator aniq chora-tadbirlarni o‘z ichiga oladi.

Yig‘ilishda O‘zbekistonning YeOII doirasida amalga oshirilayotgan elektron tijoratni rivojlantirish, savdo tartibini raqamlashtirish, Yevroosiyo Agroekspress logistika loyihasi va ekologiya masalalari bo‘yicha hamkorlik qilish hamda Markaziy Osiyo mintaqasida transport imkoniyatlaridan keng foydalanish singari bir qator tashabbuslari ilgari surildi.

Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart Toqayev delegatsiyalar rahbarlarini qabul qildi.

Shuningdek, O‘zbekiston delegatsiyasining Qozog‘istonga tashrifi doirasida ikki tomonlama uchrashuvlar ham o‘tkazildi.

O‘zbekiston Respublikasi

Bosh vazirining Matbuot xizmati