Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi «Ayollar daftari»ni yuritish orqali xotin-qizlar muammolarini o‘rganish va hal etish tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida»gi Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasini muhokamaga qo‘ydi.

Qaror loyihasiga ko‘ra, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar, Toshkent shahar, tumanlar va shaharlar hokimlari «Ayollar daftari»ga kiritilgan, shuningdek, uy-joyini ta’mirlashga muhtoj ehtiyojmand xotin-qizlarning uy-joyini tizimli ravishda ta’mirlash ishlarini olib boradi.

Bunda, har bir uy-joyni ta’mirlash ishlariga mahalliy byudjet prognozining ortiqcha bajarilgan qismi hisobidan bazaviy hisoblash miqdorining 20 baravaridan 50 baravarigacha (13,5 million so‘mgacha) miqdorda mablag‘ ajratilishi nazarda tutiladi.

«Ayollar daftari»ga kiritilgan xotin-qizlar va ularning farzandlarini salomatligini mustahkamlash maqsadida «daftar»ga kiritilgan xotin-qizlar va (yoki) ularning farzandlariga davolash, dori-darmon olib berish yoki murakkab jarrohlik amaliyotlari uchun mablag‘ zarur bo‘lgan holatlarda tuman (shahar) tibbiyot birlashmasi xulosasi va sektor rahbari tavsiyasi bilan tibbiy muolaja xarajatlari «Ayollar daftari» jamg‘armasi va Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash davlat maqsadli jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan to‘lab berish tartibi joriy etiladi.

Hujjatga muvofiq «Ayollar daftari» yuritilishi bo‘yicha sektorlar rahbarlari va Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi mas’ul hisoblanadi.

«Ayollar daftari»ning yuritilishi, ularga kiritilgan xotin-qizlarning muammolarini hal etish, tizimli ko‘maklashish va ko‘rilayotgan choralar natijadorligini baholash yuzasidan quyidagilarni nazarda tutuvchi yangi tizim joriy etiladi.

 

Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA