Iqtisodiy kompleks rahbarlari va hokimlarning kelgusi besh yildagi eng ustuvor vazifasi – yalpi ichki mahsulotni 100 milliard dollardan oshirib, sanoat mahsulotlari ishlab chiqarishni 1,4 baravar ko‘paytirish va kambag‘allik darajasini kamida 2 baravar qisqartirishdan iborat bo‘lishi zarur.

Bu haqda Prezident raisligida o‘tayotgan videoselektor yig‘ilishida aytildi.

Mutasaddilarga joriy yilda inflyatsiya darajasini 9 foizdan oshirmaslik bo‘yicha barcha zaruriy choralarni ko‘rish, shu bilan birga, oilaviy tadbirkorlik dasturlari doirasida 10 trillion so‘m kreditlarni “mahallabay” kafolatli yetib borishini ta’minlash vazifasi topshirildi.

–Barcha orzu-niyat va intilishlarimiz, mashaqqatli mehnatimiz, kechani- kecha, kunduzni-kunduz demasdan amalga oshirayotgan sa’y-harakatlarimiz – hamma-hammasi bizga katta umid va ishonch bilan boqib turgan xalqimiz uchundir, – dedi Prezident. – Bu borada ijtimoiy yo‘nalishdagi islohotlarimiz alohida ahmiyatga ega.

Viloyat, tuman va shahar hokimlarining asosiy vazifasi – maktab ta’limi sifatini oshirish, kelgusi besh yilda maktablarda qo‘shimcha 1,2 million o‘quvchi o‘rni yaratish hamda darsliklarni yangilashdan iborat bo‘ladi. Bu borada joriy yilda darsliklarni yangilashga ajratilayotgan 600 milliard so‘mdan samarali foydalanish zarur.

Barcha hududlarda davlat va xususiy bog‘chalarni ko‘paytirish orqali maktabgacha ta’limning qamrov darajasini 67 foizdan 80 foizga yetkazish, kelgusi besh yilda kamida 10 ta oliygoh nufuzli xalqaro reytinglarga kirishini ta’minlash, xususiy sheriklik asosida 100 ming o‘rinli talabalar turar joylarini barpo etish vazifasi topshirildi.

O‘zA