Mudofaa vazirligi markaziy apparatida Qurolli Kuchlar tashkil etilganligining 30 yilligi va Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi. Unda mudofaa vaziri, general-leytenant Bahodir Qurbonov, vazir o‘rinbosarlari, Mudofaa vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi a’zolari, harbiy xizmatchilar, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari ishtirok etdi.

Mudofaa vaziri kuni kecha Prezidentimiz, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni Shavkat Mirziyoyev raisligida bo‘lib o‘tgan Xavfsizlik kengashining kengaytirilgan yig‘ilishida belgilab berilgan vazifalarga alohida to‘xtalib o‘tgach, tizimda olib borilayotgan izchil islohotlarga urg‘u berib, qo‘lga kiritilgan yutuqlar, barpo etilgan yangi poligonlar, markazlar, oshib borayotgan ilmiy salohiyat, armiya saflarida xizmat qilayotgan harbiy xizmatchilarning kasbga oid mahorati, tajribasi va fidoyiligi hamda vatanparvarligini alohida e’tirof etdi.

Shundan so‘ng O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganligining 30 yilligi va Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan Prezidentimiz farmoniga ko‘ra taqdirlangan bir guruh harbiy xizmatchilarga davlatimizning yuksak mukofotlari tantanali ravishda topshirildi. Yana bir guruh harbiy xizmatchilarga navbatdagi harbiy unvonlar, «O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlariga 30 yil» esdalik nishoni hamda sovg‘alar berildi.

– Vatan himoyachilarini ijtimoiy himoyalash, sog‘lig‘ini nazorat qilish doimiy e’tiborda, – deydi O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi Markaziy harbiy sanatoriysi boshlig‘i, II darajali «Salomatlik» ordeni sohibi Lazizjon Jo‘rayev. –Davlatimiz rahbari tomonidan berilgan ushbu yuksak mukofot menga mas’uliyat yuklaydi. Jamoamiz bilan sarhadlarimiz posbonlari sog‘lig‘ini mustahkamlash borasida bor imkoniyatlarimizni ishga solamiz.

Tantanali tadbir davomida “Men g‘olib” shiori ostida o‘tkazilgan “Eng ilg‘or kasb ustasi” ko‘rik-tanlovi “Eng ilg‘or harbiy qism komandiri”, “Eng ilg‘or batalon komandiri”, “Eng ilg‘or vzvod komandiri”, “Eng ilg‘or guruh komandiri” va “Eng ilg‘or serjant” nominatsiyasi g‘oliblari e’lon qilindi va munosib taqdirlandi.

 

Ziyodulla JONIBEKOV, O‘zA