O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi bilan Finlyandiya Respublikasi Xelsinki universiteti huzuridagi Qonun ustuvorligi markazi o‘rtasida o‘zaro Anglashuv memorandumi imzolandi.

Mazkur memorandum ikki idora o‘rtasida korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan.

Xususan, memorandum doirasida korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish sohasidagi hamkorlik davlat xizmatchilari va jamoatchilik vakillarini korrupsiyaga qarshi o‘qitish, shu jumladan, trening, seminar va anjumanlar tashkil etish,  stajirovkalar, ekspert almashinuvini yo‘lga qo‘yish belgilangan.

O‘quv dasturlari va o‘quv-uslubiy qo‘llanmalar almashish va ishlab chiqishda hamkorlik qilinadi. Moliyaviy, texnik ko‘mak jalb etgan holda hamkorlik loyihalari ishlab chiqiladi va amalga oshiriladi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida qo‘shma tadqiqot va o‘rganishlar olib boriladi.

Ma’lumot uchun: Qonun ustuvorligi markazining asosiy maqsadi mamlakatlarga qonun ustuvorligini mustahkamlash, qonunchilik ishlarini soddalashtirish va qonun ustuvorligi institutlarining funksional imkoniyatlarini rivojlantirishga yordam berish uchun tavsiya berish, o‘qitish, baholash va boshqa zarur yordam ko‘rsatishdan iborat.

 

N.Abduraimova,  

O‘zA