Yurtimizdagi madaniy meros obyektlarini himoya qilish, diniy va ma’naviy merosni har tomonlama chuqur o‘rganish va targ‘ib etish, muqaddas qadamjolarini obod qilish muhim.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida deputatlar tomonidan “Madaniy yodgorliklarni saqlash va restavratsiya qilish bo‘yicha xalqaro tadqiqot markazi (ICCROM) Ustavini (Rim, 2013-yil 29-noyabr) ratifikatsiya qilish haqida”gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi. Mazkur masala yuzasidan Madaniy meros agentligi direktori Bahodir Abdukarimov ma’ruza qildi:

— ICCROM – ta’lim, axborot almashinuvi, tadqiqot va hamkorlik orqali jahon madaniy merosini saqlash bilan shug‘ullanuvchi hukumatlararo tashkilot hisoblanadi. Ushbu tashkilot 1959-yilda tashkil etilgan bo‘lib, uning bosh qarorgohi Rim shahrida joylashgan. Hozirgi vaqtda unga 142 ta davlat a’zo. Mazkur xalqaro tashkilot o‘z vakolati doirasida YUNESKO maslahatlashuv organi hisoblanadi va umumjahon madaniy meros obyektlarida amalga oshirilishi mo‘ljallangan loyihalarni ko‘rib chiqishda, ular bo‘yicha xulosa va tavsiyalar tayyorlashda ko‘mak beradi.

O‘zbekistonning ICCROMga a’zo bo‘lishi YUNESKOning texnik yordami va mablag‘larini kengroq jalb etish, har ikki yilda bo‘lib o‘tadigan ICCROM Bosh Assambleyasida yurtimizda madaniy merosni saqlash holatini ko‘rib chiqish hamda sohada o‘tkaziladigan xalqaro tadbirlar va munosabatlarda O‘zbekiston vakillarining to‘laqonli a’zo sifatida ishtirok etish imkonini beradi.

Shuningdek, milliy merosni jahon miqyosida keng targ‘ib qilish, adabiyotlar yaratish, yodgorliklarni saqlash va tiklash bo‘yicha xalqaro ilmiy hamkorlikni rivojlantirish, yodgorliklarni saqlash bo‘yicha tadqiqotlarni yo‘lga qo‘yish, mutaxassislarning malakasini oshirish, xalqaro tajribani o‘rganish hamda respublikamizdagi soha tashkilotlarining faoliyati samaradorligini oshirishga, xalqaro hamkorlikni yanada rivojlantirishga xizmat qiladi, — dedi Madaniy meros agentligi direktori.

Majlisda bir qator deputatlar so‘z olib, mazkur tashkilotga a’zo bo‘lish O‘zbekistondagi madaniy meros obe’ktlarini asrab-avaylash, restavratsiya ishlarini yanada rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etishini alohida e’tirof etdi. Loyihaning muhimligi inobatga olinib, qonun loyihasi deputatlar tomonidan qabul qilindi.

 

Muhtarama Komilova,  

O‘zA