Xorijlik mutaxassislar selfi usulda rasmga tushayotganlarga V – tinchlik belgisini iloji boricha ishlatmaslikni maslahat bermoqda. Zero, firibgarlar suratdagi barmoqdan nusxa iz olishlari mumkin ekan.

Tinchlikni ifodalash uchun keng qo‘llanadigan mazkur belgi ko‘pincha suratga tushayotganda ishlatiladi. Ko‘pchilik ma’nosini tushunmasdan shu holatda rasmga tushadi.

Buyuk Britaniya sobiq Bosh vaziri Uinston Cherchill Ikkinchi jahon urushida g‘alabani anglatish maqsadida “V” belgisidan foydalangani bilan mashhur.

IT ekspertlari fikricha, firibgarlar tasvirdan barmoq izining yuqori sifatli nusxasini olish uchun foydalanishi mumkin. Shu tariqa ular pul yoki shaxsiy ma’lumotni o‘g‘irlash uchun telefon va akkauntni buzib kirishadi.

Ushbu da’vo qanchalik asosli?

Sirtdan qaraganda texnik jihatdan mumkindek tuyulgan ayni harakatni amalga oshirish imkoni juda kam.

Sautgempton universiteti raqamli sud-tibbiy ekspertiza professori Sara Morris fikricha, xaker nazariy jihatdan onlayn joylashtirilgan selfidan barmoq izi nusxasini olishi mumkin, faqat o‘ta tiniq kadrdan.

– Gap rakursni to‘g‘ri yoritish, kamerani qulay yo‘naltirish, piksel soni, barmoqning to‘g‘ri burchagi va kameraga yaqinligida, – deydi u “The Cube” nashriga bergan intervyusida. – Aksar telefonlar kamerasida zarur piksel soniga erishish juda qiyin.

Lozanna universiteti raqamli sud-tibbiyot fanlari va tergov dotsenti Frank Braytinger ham xuddi shunday xulosaga keldi.

– Sifatli suratdan nozik ma’lumot olish mumkin, ammo bu axborotni qayta ishlatish qiyin masala, – deydi u.

Braytinger ta’kidlashicha, ko‘plab ijtimoiy media platformalari orqali internetga kirish payti foto va video sifati pasayadi. Aynan shu holat ma’lumot o‘g‘irlanishi oldini olishda yordam beradigan qo‘shimcha qalqon vazifasini bajaradi.

Ehtimoliy xakerning uskunasi va texnologiyasi qay darajada kuchliligi muhim emas. Agar manba ma’lumoti yetarli bo‘lmasa, algoritm barmoq izi aniq nusxasini tiklash uchun kerakli axborotni to‘play olmaydi. Hatto, firibgar uchun sharoit mukammal bo‘lgan vaziyatda ham foto suratdan biometrik ma’lumot olishga qodir “super kuch”ga ega bo‘lish dargumon. Har holda, hozircha…

Ehtimol, xaker AIga asoslangan texnologiyadan foydalangan holda dasturiy ta’minotga ega platformadan foydalanishi mumkin. Barmoq izi haqidagi ma’lumotni olish uchun algoritmdan foydalaniladi, keyin axborot ishlatish mumkin bo‘lgan biometrik ma’lumotga aylantiriladi.

– O‘ylashimcha, bu oddiy dastur emas, – deydi Morris. – Aks holda qo‘lga olish qiyin va hozir buyurtmabop bo‘lardi.

Nima bo‘lganda ham, onlayn kontent joylashtirishda, ayniqsa, tez rivojlanayotgan AI landshafti bilan bog‘liq xavfni yodda tutish lozim.

Ijtimoiy tarmoqqa shaxsiy surat joylanayotganda ehtiyot chorasini ko‘rib qo‘yish zarar qilmaydi. Masalan, fotoda barmoq uchini aniq ko‘rsatmaslik yoki ma’lumotni xiralashtirish uchun filtrdan foydalanish mumkin.

Morris ta’kidlashicha, bu ayni dam muhim emas, chunki biometrik ma’lumotni olish texnologiyasi hozircha ancha murakkab.

– Faraz qilaylik, barmoq izim bilan himoyalangan telefonimni buzib kirishni xohlaysiz va buning uchun sizga telefonim kerak, – deydi Braytinger. – Mabodo, o‘sha xakerda mening barmoq izim bo‘lsa ham, bu shunchaki rasmni olib, bangga topshirish, degani emas. Hali qilinishi kerak bo‘lgan ish ko‘p.

Kiber xavfsizlik bo‘yicha mutaxassislar rasmingizda baham ko‘rishingiz mumkin bo‘lgan fon va ma’lumotga e’tibor berishni maslahat berishadi.

Morris ta’kidlashicha, firibgar fotosuratga qarab, kishi qayerdaligi, nima qilayotganini tasvirlangan kitob yoki plakat yordamida aniqlashi mumkin. Ya’ni, ochiq fon xaker uchun ma’lumotga kirishning ancha oson va keng tarqalgan usuli hisoblanadi.

– Xaker, shuningdek, hisobga kirish va parolni taxmin qilish uchun har xil ilova orqali sizga yoqadigan narsalar haqida maslahat ham beradi, – deydi u.

Braytinger fikricha, barmoq izi haqida qayg‘urishdan ko‘ra, ko‘zlaringiz yaqin olingan suratni baham ko‘rish, ovoz yoki yuzni aniqlash dasturidan foydalanishda ehtiyot bo‘lish muhimroq.

– Barmoq izi hamon men eng ko‘p ishonadigan biometrik xususiyatlardan biri, – deydi u. – Avvallari barmog‘im izini o‘g‘irlashlaridan ko‘ra, kimdir ovozimdan foydalanib ish qilishidan ko‘proq tashvishlanardim.

Raqamli sud-tibbiyot fanlari va tergov dotsenti Frank Braytinger odamlarga sifatli rasmni internetda baham ko‘rmaslik, shuningdek hisob manbasi va qimmatli ma’lumotni himoya qilish uchun har doim ikki faktorli autentifikatsiyadan foydalanishni tavsiya qiladi.

O‘tkir Mirzo tayyorladi.

O‘zA