Aholi bandligini ta’minlash muntazam e’tibor qaratib kelinayotgan eng dolzarb masalalardan biridir. Parlament quyi palatasining majlisida ko‘rib chiqilgan “O‘zbekiston Respublikasida bandlik xizmatlari takomillashtirilishi munosabati bilan “Aholi bandligi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun loyihasi ayni yo‘nalishga oid muhim hujjatlardandir.

Qonun loyihasi bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirining o‘rinbosari Ra’no Turdiboyeva batafsil ma’lumot berdi:

— Mazkur qonun loyihasi bilan ish beruvchining bo‘sh ish o‘rinlari mavjudligi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni elektron shaklda yuborish shartlari belgilanmoqda. Ishdan va ish haqi (mehnat daromadi)dan mahrum bo‘lgan shaxslarga ishsizlik nafaqasi miqdorini belgilash shartlariga aniqlik kiritilib, ishsizlik nafaqasini to‘lashni tugatish va to‘xtatib turish uchun asoslar ro‘yxati kengaytirilmoqda. Shuningdek, bandlikni rag‘batlantirish va tadbirkorlikka jalb etish uchun subsidiyalar vazirlik va idoralarning maqsadli jamg‘armalari hisobidan amalga oshirilishi nazarda tutilib, ssuda ajratish yoki rad etishning asoslari belgilab qo‘yilmoqda. Qonun loyihasida xodimlarni ommaviy ravishda ishdan bo‘shatish mezonlari aniq belgilab berilmoqda.

Qonun loyihasining qabul qilinishi ish beruvchilar tomonidan mahalliy mehnat organlariga bo‘sh (vakant) ish o‘rinlarini taqdim etish jarayonini soddalashtirish, bandlik xizmatlarini ko‘rsatishda amaldagi turli muammolarni bartaraf etish va bandlikka ko‘maklashish samaradorligini oshirishga xizmat qiladi, — dedi vazir o‘rinbosari.

Muhokamalardan so‘ng qonun loyihasi deputatlar tomonidan konseptual jihatdan birinchi o‘qishda qabul qilindi.

 

Muhtarama Komilova,

O‘zA