Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi o‘z ishini boshladi. Unda bir qator qonun loyihalarini muhokama qilish ko‘zda tutilgan.

Majlis avvalida Qonunchilik palatasi spikeri N.Ismoilov bugun, 30-aprel kuni yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi umumxalq referendumi asosida qabul qilinganiga bir yil to‘lganini e’tirof etib, uning yangilangan mazmun-mohiyatiga to‘xtaldi.

Qayd etilganidek, yangi tahrirdagi Konstitutsiya bevosita xalq tomonidan qabul qilindi. Unda ijtimoiy davlat prinsiplariga oid normalar mustahkamlanib, sifatli ta’lim va tibbiy xizmat ko‘rsatish, ijtimoiy ehtiyojmand qatlamni qo‘llab-quvvatlash, munosib mehnat sharoiti va adolatli ish haqi tizimini yaratish, ishsizlikdan himoyalanish, uy-joyga ega bo‘lishga qaratilgan qoidalar yanada takomillashtirildi. Inson huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish, erkin bozor mexanizmlarini joriy qilish, sog‘lom raqobat va xususiy mulk daxlsizligini ta’minlash, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash bilan bog‘liq yangi qoidalar belgilab qo‘yildi.

Shuningdek, Spiker bolalar mehnatiga barham berilgani, so‘z erkinligi ta’minlangani, fuqarolik jamiyatini qo‘llab-quvvatlash, muhim masalalarni jamoatchilik muhokamasiga qo‘yish orqali qabul qilish, ekologiya, sud faoliyatiga oid yangiliklar aks etganini ta’kidladi.

Bundan tashqari, N.Ismoilov yangi tahrirdagi Bosh qomusimiz parlament faoliyatiga oid muhim o‘zgarishlarni o‘zida aks ettirganiga to‘xtaldi.

 

Muhtarama Komilova,  

O‘zA