Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov Birlashgan Millatlar Tashkiloti Inson huquqlari bo‘yicha kengashining Terrorizmga qarshi kurashda inson huquqlarini rag‘batlantirish va himoya qilish masalalari bo‘yicha maxsus ma’ruzachisi Fionnuala Ni Aolayn bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda yuqori martabali mehmonga Milliy markazning faoliyati haqida muxtasar so‘zlab berdi.
Keyingi besh yilda Milliy markazning BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Boshqarmasi va uning Markaziy Osiyo mintaqaviy bo‘linmasi bilan aloqalari boshqa davlatlar uchun namuna bo‘larli darajada yuksak bosqichga ko‘tarildi. Bunday izchil hamkorlik allaqachon o‘z natijalarini bermoqda.
Xususan, O‘zbekiston BMTning Inson huquqlari bo‘yicha kengashi a’zoligiga saylanib, 2021 yil 1 yanvardan o‘z missiyasini amalga oshirib kelmoqda. Mamlakatimizning BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashi raisi o‘rinbosarligiga saylangan Jeneva shahridagi BMT bo‘linmasi va boshqa xalqaro tashkilotlardagi doimiy vakili 2022 yildan vazifasini bajarishga kirishadi.
Shu ma’noda, BMT Terrorizmga qarshi kurashda inson huquqlarini rag‘batlantirish va himoya qilish masalalari bo‘yicha maxsus ma’ruzachisining O‘zbekistonga tashrifi doirasidagi ushbu uchrashuv amaliy aloqalarning mantiqiy va izchil davomi hisoblanadi. Milliy markaz inson huquqlarini rag‘batlantirish va himoya qilish sohasidagi keng ko‘lamli hamkorlikdan hamisha manfaatdor.
O‘z navbatida Ni Aolayn xonim hamkorlik munosabati keyingi bir yildan ortiq vaqt davomida tubdan kuchayganidan mamnunligini bildirdi. O‘zbekiston Respublikasi delegatsiyasi 2021 yil iyul oyida bo‘lib o‘tgan BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashi 47-sessiyasi, shuningdek, “Mojaroli hududlardan olib chiqilgan ayollar va bolalarni reabilitatsiya hamda reintegratsiya qilish” mavzusidagi seminar ishida faol ishtirok etganiga yuqori baho berdi.
Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti topshirig‘iga binoan bugungi kungacha o‘tkazilgan “Mehr -1, 2, 3, 4, 5” operatsiyalari doirasida Suriya, Iroq va Afg‘onistonda og‘ir ahvolga tushib, chorasiz qolgan besh yuz nafar ayol va bola yurtimizga olib kelindi.
Ushbu insonparvarlik harakati inson huquqlarini himoya qilish sohasidagi asosiy xalqaro hujjatlar, shuningdek, xalqaro gumanitar huquq tamoyillariga muvofiq ravishda amalga oshirildi. Eng asosiysi, BMT Maxsus ma’ruzachisi ta’kidlaganidek, qurolli mojaro davom etayotgan hududlarga borib qolgan ayollar va bolalarni vataniga qaytarish, himoya ostiga olish hamda jamiyatga moslashtirish ishlari avvalo milliy darajada hal etilishi juda muhim.
Fionnuala Ni Aolaynning fikricha, bugungi kunda ko‘pgina davlatlar o‘z fuqarolarini mojaroli hududdan olib chiqish bilan shug‘ullanishni istamayapti. Shu nuqtai nazardan, O‘zbekistonning bu boradagi milliy tajribasi o‘rnak olishga munosib.
Muloqot chog‘ida terrorizmga qarshi kurashish sohasidagi hamkorlik istiqboli ham muhokama qilindi. Bunda O‘zbekistonning terrorizm va zo‘ravonlik ekstremizmiga qarshi kurashish sohasida xalqaro, mintaqaviy va ikki tomonlama darajada milliy salohiyati shakllangani, mustahkamlanganiga e’tibor qaratildi.
O‘zbekiston – xalqaro terrorizmga qarshi kurashning faol ishtirokchilaridan biri. Mamlakatimiz BMTning Global aksilterror strategiyasini qo‘llab-quvvatlagan, terrorizm va diniy ekstremizmga qarshi kurashish bo‘yicha 14 ta xalqaro konvensiya hamda protokolni ratifikatsiya qilgan. Bundan tashqari, respublikamizda bu borada bir qancha milliy normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilingan.
BMT Maxsus ma’ruzachisi O‘zbekistonning qonun ijodkorligi va xalqaro hujjatlar qabul qilishda tashabbuskorlik ko‘rsatish sohalarida yetakchi ekanini e’tirof etgan holda, ana shu yuksak salohiyatdan “terrorizm” tushunchasiga ta’rif berishda amaliy foydalanish taklifini ilgari surdi. Binobarin, terrorizmga qarshi kurash to‘g‘risidagi asosiy konvensiyalar va BMT Xavfsizlik Kengashi, Bosh Assambleya hamda Inson huquqlari bo‘yicha kengashning tegishli rezolyutsiyalarida ushbu atamaga aniq izoh berilmagan.
Shuningdek, tomonlar inson huquqlarini rag‘batlantirish va himoya qilish sohasidagi hamkorlik istiqbolini atroflicha muhokama qildilar. Terrorizmning oldini olish, terrorizmga qarshi kurashish sharoitida inson huquqlariga amal qilish, terrorizm jabrdiydalari va terrorizmda ayblangan mahkumlar huquqini ta’minlash masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Ma’lumot uchun: Fionnuala Ni Aolayn – BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining Terrorizmga qarshi kurashda inson huquqlarini rag‘batlantirish va himoya qilish masalalari bo‘yicha maxsus ma’ruzachisi lavozimini bajarishga 2017 yil 1 avgustdan kirishgan. bugungi kunga qadar Belgiya (2018 yil may), Fransiya (2018 yil may) va Qozog‘iston (2019 yil may)ga tashrif buyurgan.
Фионнуала Ni Aolayn Irlandiyada tug‘ilgan, huquq bakalavri, Belfastdagi Qirollik universiteti va Kolumbiya universiteti yuridik fakultetlarining huquq magistri, Yevropaning bir qator nufuzli oliy o‘quv yurtlari professori hisoblanadi. U kitoblari va ilmiy tadqiqotlari uchun ko‘plab akademik unvon va mukofotlarga sazovor bo‘lgan. Jumladan, Fulbrayt, Robert Shuman, Lolor stipendiyalari, Alon, Yevropa komissiyasi mukofotlari sohibi.
Belfastda joylashgan Odil sudlov bo‘yicha ijroiya qo‘mitasi va Fuqaro erkinligi bo‘yicha Irlandiya kengashi a’zosi. 2010 yili Xalqaro huquqning Amerika jamiyati ijroiya kengashiga uch yil muddatga saylangan va 2014 yil ushbu Kengashning Yillik majlisiga hamraislik qilgan.
Bundan tashqari Ni Aolayn Ochiq jamiyatlar fondlarining xotin-qizlar dasturi bo‘yicha kengash raisi. Qiynoq jabrdiydalariga ko‘maklashish markazining Milliy maslahat kengashi tarkibidan ham joy olgan.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazi
matbuot xizmati