26 noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Qozog‘iston Respublikasining Birinchi Prezidenti – Elboshi Nursulton Nazarboyev bilan telefon orqali muloqoti bo‘lib o‘tdi.

Suhbat avvalida davlatimiz rahbari Elboshini yaqinlashib kelayotgan bayram – Qozog‘iston Respublikasining Birinchi Prezidenti kuni bilan tabriklab, mustahkam sog‘lik, farovonlik va yangi zafarlar, birodar Qozog‘iston xalqiga bardavom taraqqiyot va ravnaq tiladi.

Nursulton Nazarboyevning zamonaviy Qozog‘istonni barpo etish, mamlakatning xalqaro maydondagi nufuzini yuksaltirishdagi tarixiy o‘rni va ulkan shaxsiy hissasi qayd etildi.

Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlari bugun yuksak darajaga ko‘tarilgani mamnuniyat bilan ta’kidlandi.

Joriy yil boshidan o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 40 foizga oshdi, ikki mamlakatning yetakchi kompaniya va korxonalari o‘rtasidagi sanoat kooperatsiyasi kengayib bormoqda. Bugun Turkiston shahrida O‘zbekiston va Qozog‘iston hukumatlari rahbarlari ishtirokida Hukumatlararo komissiyaning navbatdagi yig‘ilishi va Hududlar forumi o‘tkazilmoqda.

Bundan tashqari, madaniy-gumanitar almashinuvga doir muhim dasturlarni amalga oshirish faol davom ettirilmoqda.

Telefon muloqoti chog‘ida ikki tomonlama va mintaqaviy hamkorlikning dolzarb masalalari yuzasidan fikr almashildi, bo‘lajak oliy darajadagi uchrashuvlar rejasi ko‘rib chiqildi.