Keyingi yillarda mamlakatimizda aholiga ko‘rsatilayotgan ijtimoiy xizmatlar sifatini oshirish borasida zarur chora-tadbirlar yo‘lga qo‘yilmoqda.

Davlatimiz rahbari raisligida joriy yilning 20-fevral kuni ijtimoiy himoya sohasidagi ustuvor vazifalar muhokamasi yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida ham ijtimoiy himoyaning yangi tizimini yo‘lga qo‘yishda bir qator zarur vazifalar belgilandi.

Ushbu vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzurida tashkil etilgan Ijtimoiy himoya milliy agentligi mutaxassislari tomonidan hamkorlik loyihalari yo‘lga qo‘yilmoqda.

Xususan, Dubay shahrida bo‘lib o‘tgan «Dubay xalqaro gumanitar yordam va taraqqiyot» nomli konferensiyada Agentlik mas’ul xodimlaridan iborat delegatsiya ilk marotaba ishtirok etdi.

Tadbir doirasida gumanitar yordam mahsulotlari ko‘rgazmasi ham tashkil etildi.

– Mazkur tadbir Yaqin Sharq mintaqasida gumanitar va ijtimoiy sohadagi yangi g‘oyalar va tajriba almashinuvi uchun yetakchi nodavlat notijorat tashkilotlari, BMT tuzilmalari, ijtimoiy sohadagi xalqaro tashkilotlar, xalqaro, davlat va xususiy jamg‘armalar, gumanitar yordam mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi va ularga xizmat ko‘rsatuvchi kompaniyalarni birlashtiruvchi qulay platforma hisoblanadi, – dedi Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktori Mansurbek Olloyorov.  – Ko‘rgazmada tashkil etilgan O‘zbekiston stendida «Made in Uzbekistan» brendi ostida ishlab chiqarilgan gumanitar yordam mahsulotlari va ijtimoiy sohadagi loyihalarimiz xalqaro hamjamiyat e’tiboriga namoyish etildi.

Tadbirda o‘zaro muzokaralar ham o‘tkazilib, unda xalqaro tashkilotlar bilan ijtimoiy himoyani rivojlantirishga qaratilgan hamkorlik imkoniyatlari muhokama qilindi.

Shuningdek, tadbir doirasida Mansurbek Olloyorov «DIHAD» Xalqaro gumanitar yordam va taraqqiyot tashkiloti raisi Abdusalam Al-Madani bilan uchrashdi.

Uchrashuv davomida tomonlar o‘zaro ijtimoiy soha yo‘nalishida hamkorlik aloqalarini o‘rnatish xususida fikr almashdi.

O‘zbekistonda «DIHAD» tashkilotining vakolatxonasini ochish bo‘yicha tashabbus ilgari surildi. Abdusalam Al-Madani 2025-yilning may oyida Samarqand shahrida o‘tkazilishi rejalashtirilgan «Ijtimoiy himoya: barqaror rivojlanish va tenglik sari yo‘l» mavzusidagi Butunjahon konferensiyasida faol ishtirok etib, qo‘llab-quvvatlashini ta’kidladi.

Muzokaralar yakunida ijtimoiy soha xodimlarining malakasini oshirish hamda «DIHAD» gumanitar kollejida magistraturada o‘qish kvotalarini ko‘paytirish bo‘yicha hamkorlik qilishga kelishib olindi.

 

N.Rahmonova, O‘zA