O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining 2024-yil 18-yanvar kungi “Hech bir shaxs hujjatsiz qolmaydi” huquqiy aksiyasini o‘tkazish to‘g‘risidagi buyrug‘i asosida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Beruniy tumani adliya bo‘limi xodimlari tomonidan bir nechta mahalla va ovul fuqarolar yig‘inlari hududlarida xatlov ishlari amalga oshirildi.
–Xatlov davomida fuqarolardan kelib tushgan murojaatlar o‘rganilib, 24 ta tug‘ilganlik, 11 ta nikoh, 6 ta nikohdan ajralganlik va 4 ta o‘lim to‘g‘risidagi dalolatnoma yozuvlari qayd qilindi, – deydi Beruniy tumani adliya bo‘limi boshlig‘i, II darajali yurist Saltanat Raimbekova. – Shu jumladan, fuqaro M.B.ning murojaati o‘rganib chiqildi.
Ma’lum bo‘lishicha, fuqaro K.T. bilan qonuniy nikohdan o‘tib, 2007-yilda oilasi bilan Qozog‘iston Respublikasi Atirau shahriga ishlash uchun ketgan. Ushbu yillarda 6 nafar farzandni dunyoga keltirgan. Qozog‘istonda ijarada turgan uyida yong‘in kelib chiqqanligi sababli, ularning shaxsini tasdiqlovchi hujjatlari yonib ketganligi uchun farzandlarini uy-sharoitida dunyoga keltirishga majbur bo‘lgan va ularning tug‘ilganligi shu kungacha ikki davlatda ham qayd qilinmagan.
Hujjati yo‘qligi sababli fuqaro M.B. (2007-2017-yillarda) 11-yil davomida begona davlatda qolishga majbur bo‘lgan. 2017-yilda uning otasi to‘satdan vafot etgani sababli bolalarini olib, Vataniga qaytib kelgan. Shundan so‘ng 7-yildan ortiq vaqt bolalarining tug‘ilganligini qayd qilish masalasida bir necha bor tashkilotlarga murojaat qilgan, lekin natija bo‘lmagan. Hozir bolalarning kattasi 15 yosh, kichigi 7 yoshda bo‘lib, tumandagi o‘rta ta’lim maktabida har xil sinflarda ta’lim-tarbiya olib kelmoqda. Lekin hujjati yo‘qligi sababli maktab o‘quvchilarining elektron bazasiga ularning ma’lumotlari kiritilmagan.
O‘zbekiston Respublikasi Oila kodeksining 205-moddasida bolalarning tug‘ilishini qayd etish majburiy bo‘lib, bolalar tug‘ilgan joyidan yoki ota-onasidan biri doimiy yashash yoki vaqtincha turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tgan joyidan qat’iy nazar, fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organlarida bir oy ichida amalga oshirilishi lozim, 206-moddasida bolaning tug‘ilishi uning tug‘ilganligi haqidagi tibbiy ma’lumotnoma, ota-onaning oilaviy holati va shaxsini tasdiqlovchi hujjatlar asosida qayd etiladi, deb belgilangan.
Beruniy tumani adliya bo‘limi tomonidan fuqaro M.B.ning murojaati to‘liq o‘rganib chiqilib, tug‘ilganlik faktini belgilash haqida fuqarolik ishlari bo‘yicha Beruniy tumanlararo sudiga ariza berilgan. Ushbu ariza sud tomonidan bolalar tahsil olayotgan umumiy o‘rta ta’lim maktabida sayyor tartibda FHDYO, Vasiylik va homiylik organi, mahalla faollari, maktab ma’muriyati vakillari ishtirokida ko‘rib chiqildi. Sud majlisida aniqlangan holatlar va guvohlarning ko‘rsatmalari hamda ish bo‘yicha to‘plangan hujjatlarga asoslanib, fuqarolik ishlari bo‘yicha Beruniy tumanlararo sudi tomonidan qonuniy va adolatli qaror qabul qilindi. Adliya va sud organi mas’ul xodimlarining amaliy ko‘magi natijasida bitta oilaning 6 nafar farzandi tug‘ilganlik haqida guvohnoma olish huquqiga ega bo‘ldi.
Beruniy tumani FHDYO bo‘limida Qoraqalpog‘iston Respublikasi adliya vaziri o‘rinbosari M.Abdijaliyev oila a’zolarini quvonchli voqea bilan qutlab, ularga tug‘ilganlik haqida guvohnomalarni va vazirlik tomonidan qimmatbaho sovg‘alarni topshirdi.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri