Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tayotgan videoselektor yig‘ilishida “Yashil makon” umummilliy loyihasini amalga oshirish bo‘yicha quyidagi yangi tashkiliy tizim joriy qilinishi ma’lum qilindi.

Bunda har bir tashkilot, har bir fuqaro o‘z o‘rnini topishi kerakligi qayd etildi.

Misol uchun, Guliston shahrida:

– 15 kilometr umumiy foydalanishdagi yo‘l bo‘ylarida 200 ming tup daraxt va butalar hududiy avtomobil yo‘llari tashkiloti;

– 56 ta bog‘cha, maktab, kollej, oliygoh va tibbiyot muassasalari hududida 300 ming tup daraxt va butalar ushbu ijtimoiy soha tashkilotlari;

– 19 ta mahalla hududidagi guzarlar, ichki ko‘chalar va aholi xonadonlarida 220 gektar maydonda mahallalar, fermerlar kengashi va obodonlashtirish bo‘limlari tomonidan noyabr oyining o‘zida 500 ming tup daraxt va buta ekish imkoniyati borligi aytildi.

Ushbu ekish ishlarini to‘g‘ri tashkil qilish uchun birinchi navbatda mavjud va yangidan barpo etiladigan yashil maydonlar hududining egasi tuman (shahar) hokimi qarori bilan belgilab beriladi. (amalda ushbu maydonlar egasi aniq bo‘lmagani sababli, daraxt ekilgani bilan uni parvarishlash, sug‘orish ishlari olib borilmayapti)

Biriktirilgan mas’ullar mavjud daraxtlarni parvarishlash bilan birga, ushbu hududni obod holda saqlash uchun ham javob beradi. Bu ishlarga Guliston shahrining mahalliy byudjetidan har yili 2 milliard so‘m mablag‘ ajratilib, 200 ming tup ko‘chat va 4 mingta yoritish moslamasi sotib olish hamda hordiq chiqarishga zarur infratuzilma yaratish uchun sarflanadi. Shuningdek, obodonlashtirish bo‘limiga 6 ta maxsus texnika olib beriladi, 50 kilometrdan ziyod sug‘orish tarmoqlari barpo etiladi.

Bundan buyon ekologiya, daraxt ekish va parvarishlash masalalariga shahar hokimining qurilish bo‘yicha o‘rinbosari mas’ul bo‘ladi hamda uning lavozimi nomi va vazifalari o‘zgartiriladi.

Ushbu ishlarni tashkil qilish orqali Guliston shahrida 102 ming nafar aholi uchun 300 gektar yashil maydonlar barpo etiladi.

Umuman, Guliston shahri misolida ko‘rsatib berilgan yangi tizimni yil yakuniga qadar barcha tuman va shaharlarda yo‘lga qo‘ygan holda, noyabr oyida 75 million tup, kelgusi yil bahor oylarida 125 million tup daraxt va butalar ekilishini tashkil etish zarur. Shu maqsadda bugundan boshlab 10 dekabrga qadar daraxt ekish bo‘yicha dolzarb 40 kunlik e’lon qilindi.

 

O‘zA