Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida aholini sifatli uy-joy bilan ta’minlash, “Yashil makon” umummilliy loyihasini puxta tayyorgarlik ko‘rgan holda boshlash masalasiga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi davom etmoqda.

– Aytish joizki, joylardagi saylovoldi uchrashuvlarida har bir hududda barcha iqtisodiy va ijtimoiy infratuzilmaga ega bo‘lgan “Yangi O‘zbekiston massivlari”ni barpo etish, bu orqali kelgusi besh yilda 250 mingdan ziyod xonadonlar qurishni reja qilganmiz. Ushbu massivlar kompleks rivojlanish tamoyili asosida barpo etiladi. Bunda har bir massivga ajratiladigan yer uchastkalarida sanoat loyihalari, xizmat ko‘rsatish ob’ektlari va ijtimoiy infratuzilma bir vaqtda quriladi, – dedi Prezidentimiz.

Misol uchun, G‘ijduvon tumanida 55 ming xonadon bo‘lib, 5 mingdan ortiq oila uy-joyga muhtoj. Shuningdek, 14 ming nafar aholi ishsiz. Tumandagi 39 ta maktab 2 smenada ishlamoqda, 15 ta bog‘chaga talab mavjud. Kuni kecha qabul qilingan qarorga asosan, “G‘ijduvon erkin iqtisodiy zonasi” hududiga qo‘shimcha 200 gektar maydon ajratildi.

Bu yerda kelgusi ikki yilda 200 ta loyihani amalga oshirish hisobiga 6 mingta ish o‘rni yaratish reja qilingan. Ushbu hudud atrofidagi Baraka mahallasida 74 gektar bo‘sh maydonda “Bog‘dod tajribasi” asosida 2,5 ming xonadonli 130 ta ko‘p-qavatli uy-joy massivi qurish, 420 o‘rinli maktab, bog‘cha, oilaviy shifokor punkti, mahalla binosini barpo etish uchun barcha sharoit mavjud. Tadbirkorlarga yer ajratib, 20 ta servis ob’ekti ham qurish mumkin bo‘ladi.

Ushbu massivga suv, kanalizatsiya, elektr tarmoqlari olib borish, ijtimoiy ob’ektlar qurish uchun kelgusi ikki yil davomida 50 milliard so‘m talab etiladi.

Xuddi shu kabi Chustdagi Gulzor, Urgutdagi Mergancha, Jarqo‘rg‘ondagi Qorayantoq, Farg‘ona tumanidagi Mingdonobod, Chirchiqdagi Iftixor mahallalari atrofida kichik sanoat zonalari tashkil etilib, 200 ta loyihani amalga oshirish hamda 7,5 mingta ish o‘rni yaratish belgilab olingan.

Bu hududlarda ham 2-3 ming xonadonli “Yangi O‘zbekiston massivlari”ni barpo etish mumkinligi qayd etildi.

 

O‘zA