Markaziy saylov komissiyasi Matbuot markazida Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligining Parlament Assambleyasi kuzatuvchilari ishtirokida brifing bo‘lib o‘tdi.

Unda Assambleya a’zolari hamda MDHga a’zo davlatlar kuzatuvchilari saylov uchastkalaridagi vaziyat to‘g‘risidagi fikr-mulohazalari bildirib o‘tdilar.

Aygul Kuspan, Qozog‘iston Respublikasi Parlamenti xalqaro ishlar, mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi:

– O‘zbekistonda so‘nggi yillarda bo‘layotgan o‘zgarishlar, islohotlar tahsinga loyiq. Bu ijtimoiy-iqtisodiy sohada yaqqol ko‘zga tashlanyapti. O‘zbekiston va Qozog‘iston munosabatlari yaqin qo‘shnichilik hamda strategik sheriklik ruhida izchil rivojlanmoqda.

Ushbu hamkorlik aloqalari xalqlarimizning azal-azaldan shakllangan do‘stlik va qardoshlik rishtalariga, umumiy tarix, til hamda madaniyatiga asoslangan. Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlik ishonchli va konstruktiv muloqot tusiga kirgan. O‘zbekiston uchun muhim bo‘lgan bugungi siyosiy jarayon albatta qo‘shni mamlakatlarni ham befarq qoldirmaydi.

MDH Parlament Assambleyasi kuzatuvchilari saylov jarayonlariga erta tongdan kirishdik. Saylov uchastkalaridagi sharoitlarni, saylovga ovoz berish jarayonlarini kuzatdik. Uchastkalarda sanitariya qoidalariga to‘liq amal qilinyapti.

Bir martalik tibbiy niqob, antitseptik vositalar bilan ta’minlangan. Fuqarolar karantin qoidalariga rioya qilishyapti. Bir tomondan kirib, ikkinchi eshikdan chiqishyapti. Saylovchilarda qat’iyat, kelajakka ishonchni ko‘rasiz.

 

N.Nasriyev, O‘zA