Mamlakatimizda o‘tkaziladigan muhim siyosiy tadbirni kuzatish uchun Qoraqalpog‘iston Respublikasiga tashrif buyurgan xalqaro kuzatuvchilar 1-Qoraqalpog‘iston okrug saylov komissiyasi a’zolari bilan uchrashdi.

Uchrashuvda Italiya, Belgiya, Polsha, AQSH, Rossiya, Qozog‘iston va boshqa davlatlardan tashrif buyurgan kuzatuvchilarga 1-Qoraqalpog‘iston okrug saylov komissiyasi raisi U.Jalmenov Orolbӯyida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazish bo‘yicha tayyorgarlik ishlari va bugungi kunda amalaga oshirilayotgan tadbirlar haqida batafsil ma’lumot berdi.

Xususan, Qoraqalpog‘iston Respublikasida  656 ta saylov uchastkasi tashkil etilib, 8 ming 386 nafar saylov uchastkalari a’zosi tasdiqlangani haqida tanishtirib o‘tdi.

Kuzatuvchilar Qoraqalpog‘istonda qancha OAV vakillari akkreditatsiyadan o‘tganiga qiziqdi. Qoraqalpog‘iston Respublikasida faoliyat olib borayotgan 71 nafar OAV vakili akkreditatsiyadan o‘tkazilganligi va siyosiy jarayonlarni yoritishda faol ishtirok etayotgani aytildi.

– Hozirgina 1-Qoraqalpog‘iston okrug saylov komissiyasi raisi bilan suhbatlashdik,– deydi YeXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosidan xalqaro kuzatuvchi Yoaxim Ketsler. – Okrug raisi hududda saylovga tayyorgarlik jarayonlari haqida batafsil ma’lumot berdi. Biz, saylov okrugida komissiya a’zolari hamda Matbuot markazida mahalliy va xorijiy jurnalistlar uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishdik.

Saylov jarayonlarini kuzatish va yoritish uchun xalqaro kuzatuvchilar hamda OAV vakillarining Qoraqalpog‘iston Respublikasiga kelishi davom etmoqda.

 

Dovud ABIBULLAEV, Maqsad HABIBULLAEV (surat), O‘zA