So‘nggi yillarda hukumatimiz tomonidan qishloq xo‘jalik ekinlari urug‘lari yetishtirilishi sohasida olib borilayotgan islohotlar yetishtirilayotgan hosilning salmog‘ini belgilashda muhim ahamiyat kasb etmoqda va ekiladigan urug‘likning sifatiga alohida e’tibor qaratib kelinmoqda.

Xususan, Prezidentimizning 2018 yil 27 apreldagi “O‘zbekiston Respublikasida urug‘chilik tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 5 sentyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Urug‘chilikni rivojlantirish markazi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorlari qabul qilinib, urug‘chilik sohasini rivojlantirish yuzasidan aniq chora-tadbirlar belgilab berildi.

Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 12 iyuldagi “Ӯzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi faoliyatini tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori bilan berilgan vakolatlardan kelib chiqib, urug‘lik paxta xomashyosi yetishtirish sohasida normativ-huquqiy hujjatlar talablariga rioya qilinishi ustidan muntazam nazorat tadbirlari olib borilmoqda.

– Orolbӯyida 2021 yil hosilidan urug‘lik paxta yetishtirish huquqiga ega bo‘lish maqsadida o‘tkazilgan tanlovlarga 455 ta xo‘jalik sub’ektidan arizalar qabul qilingan bo‘lib, shundan 337 ta sub’ekt tanlov g‘olibi deb topilgan, – deydi Ӯzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududiy boshqarmasi bosh inspektori I.Begjanov. – Tanlovlarni o‘tkazish jarayonida olib borilgan nazorat tadbirlari davomida da’vogarlar tomonidan taqdim etilgan hujjatlar namunalari o‘rganilganda 27 ta fermer xo‘jaligining 42 ta hujjatida kamchiliklar mavjudligi, 127 ta holatda baholash mezonlariga amal qilinmaganligi, 134 ta holatda ballarni noto‘g‘ri hisoblash holatlari aniqlandi.

Shuningdek, To‘rtko‘l va Kegayli tumanlarida tanlovlarning belgilangan muddatlarda o‘tkazilmaganligi aniqlanib, kelib chiqayotgan qonunbuzilish va ularni keltirib chiqaruvchi omillarni bartaraf etish yuzasidan 7 ta taqdimnoma, 4 ta yozma ko‘rsatma, 1 ta ogohlantirish berildi. Amudaryo tumanida aniqlangan qonunbuzilishlar yuzasidan to‘plangan materiallar qonuniy baho berish uchun huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborildi.

Bundan tashqari, paxta-to‘qimachilik klasterlari tomonidan fermer xo‘jaliklariga urug‘lik chigit yetkazib berishda me’yoriy hujjatlar talablariga rioya qilinishi borasida olib borilgan nazorat tadbirlari davomida 12 ta holatda qonunbuzilish aniqlanib, tegishli ta’sir choralari ko‘rildi. Xususan, chigit tarqatish shoxobchalariga chiqarilgan urug‘lik chigitni saqlash qoidalariga amal qilinmasligi bo‘yicha To‘rtko‘l tumanida 6 ta, Qo‘ng‘irot tumanida 3 ta, Chimboy tumanida 2 ta holatda qonunbuzilish aniqlanib, mas’ullarga nisbatan ma’muriy qarorlar rasmiylashtirildi va qonuniy baho berish uchun huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborildi.

Shu bilan birga, kelgusi yil hosili uchun sifatli urug‘lik fondini yaratish maqsadida tanlovdan o‘tgan 330 ta xo‘jalikning 12,5 ming gektar urug‘lik paxta maydonini aprobatsiyadan o‘tkazish ishlari ham nazoratga olinib, tegishli ta’sir choralari ko‘rib borildi. Xususan, 327 ta xo‘jalikning 11 ming gektar maydoni urug‘lik terish uchun yaroqli deb topilgan bo‘lsa, 260 ta xo‘jalikning 1470 gektar maydoni qisman yaroqsiz qilindi. Buning natijasida, navdorligi past bo‘lgan 13 gektar, rivoji past bo‘lgan 407 gektar, chanqatib yuborilgan 404 gektar va turli agrotexnik tadbirlar bajarilmagan 647 gektar maydondan 2,1 ming tonna sifatsiz urug‘lik paxta terilishining oldi olindi. Shuningdek, aprobatsiya jarayonida qonunbuzilishining oldi olinishi va bunga shart-sharoit yaratib berayotgan holatlarni bartaraf qilish yuzasidan 5 ta ogohlantirish va 8 ta yozma ko‘rsatma kiritildi.

bugungi kunda Qoraqalpog‘iston Respublikasida faoliyat yuritib kelayotgan 9 ta paxta-to‘qimachilik klasteriga qarashli paxta qabul qilish maskanlarida g‘o‘zaning 5 ta seleksion navidan 13594 tonna miqdorida urug‘lik paxta qabul qilindi. Qabul qilingan urug‘lik paxta xomashyosining 4281 tonnasi S-4727 naviga, 1292 tonnasi Chimboy-5018 naviga, 7439 tonnasi Sulton naviga, 378 tonnasi Mang‘it-1 naviga, 204 tonnasi istiqbolli va yangi navlarga to‘g‘ri keladi.
Bundan tashqari, kelgusi yillarda urug‘lik chigitga bo‘lgan talabni qondirib borish maqsadida To‘rtko‘l, Amudaryo, Chimboy, Ellikqal’a tumanlaridagi elita urug‘chilik xo‘jaliklari tomonidan asosiy maydonlarida ekib kelinayotgan g‘o‘za navlarining elita va birlamchi urug‘lik materiallaridan 215 tonna jamg‘arilib, saqlanmoqda. Hozirda paxta-to‘qimachilik klasterlari va elita urug‘chilik xo‘jaliklarida yetishtirilgan urug‘lik paxta xomashyosining g‘aramlarga jamg‘arilishi, saqlanishi va profilaktik tadbirlarning bajarilishi nazorat qilib borilmoqda.

Albatta, sohada bu kabi nazorat tadbirlarning adolatli o‘tkazilishi kelgusi yil hosili taqdirini belgilovchi sifatli urug‘lik fondini yaratishda muhim ahamiyat kasb etadi. Zero, qishloq xo‘jalik ekinlaridan mo‘l hosil yetishtirish, avvalo, dehqon-fermerlar tomonidan zahmatli va mashaqqatli mehnat evaziga yaratiladigan hosilning qiymati qadaladigan urug‘ga nechog‘liq bog‘liqligini ko‘rsatadi.

 

Dovud Abibullayev, O‘zA