Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri B.Zokirov Xitoy Xalq Respublikasining yirik davlat qurilish pudrat tashkiloti “China State Construction Engineering Corporation” mutasaddi vakillaridan iborat delegatsiyani qabul qildi.

Uchrashuvda kompaniya va uning xorijiy mamlakatlarda amalga oshirib kelayotgan loyihalari to‘g‘risida taqdimot o‘tkazildi.

Korporatsiya bugungi kunda Fortune Global 500 reytingida dunyo bo‘yicha 9-o‘rinda turadi. Shuningdek, Xitoyning yirik 500 ta kompaniyalari orasida 3-o‘rinni egallaydi va dunyoda tan olingan Moodyʼs, S&P va Fith reytinglarida A darajasiga ega.

“China State Construction Engineering Corporation” dunyoning 100 dan ortiq mamlakatlari va mintaqalarida faoliyat yuritadi. Asosan ko‘chmas mulk investitsiyalari, qurilish va yangi loyiha hamda qidiruv faoliyati bilan shug‘ullanadi.

“China State Construction Engineering Corporation” Xitoydagi 300 metrdan yuqori osmono‘par binolarning 90 foizdan ortig‘ini, asosiy aeroportlarning, sun’iy yo‘ldoshlarni uchirish maydonchalarining hamda shahar aloqa tunnellarining to‘rtdan uch qismini va atom elektr stansiyalarining ikkidan bir qismini qurgan.

Mehmonlar “Yangi Toshkent” loyihasi doirasida hamkorlik qilishga qiziqish bildirib, mazkur loyihaga investitsiya kiritish imkoniyatlarini o‘rganib chiqayotganini ma’lum qildi.

Uchrashuv yakunida vazir B.Zokirov “China State Construction Engineering Corporation” mutasaddilariga «Yangi Toshkent» shahrini barpo etish direksiyasi tomonidan zarur ko‘mak ko‘rsatishga tayyor ekanini bildirib, bu borada zarur choralar ko‘rilishini ma’lum qildi.

Ma’lumot o‘rnida aytish joiz, yangi shahar Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq va O‘rta Chirchiq tumanlaridagi qariyb 20 ming gektar yerda barpo etiladi. «Yangi Toshkent» loyihasi doirasida 20 ming gektarda 1 million aholi yashashi uchun qulay sharoit yaratiladi va shunga mos infratuzilma bilan ta’minlanadi. Davlat idoralari, “Yangi O‘zbekiston” universiteti, Milliy kutubxonaning yangi binolari, teatr, ijod maktablari, savdo va servis markazlari ham shu yerda joylashadi.

 

Sh.Mamaturopova, O‘zA