Pilla yetishtiruvchilar daromad solig‘idan ozod qilinadi (+video)
Yurtimizda ipakchilik sanoatini rivojlantirish ko‘lami yildan yilga ortib bormoqda. Bunda Prezidentimiz tomonidan imzolangan qaror va farmonlar soha rivoji uchun dasturilamal bo‘lmoqda.
Xususan, joriy yilning 3-may kuni davlatimiz rahbari tomonidan imzolangan farmon ham pillakorlarimizga yangi imkoniyatlar eshigini ochadi.
“Pilla yetishtirish va ipakchilik sohasida bozor mexanizmlarini joriy qilishni jadallashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmon bilan pilla yetishtirish va ipakchilik sohasini yangi bosqichga olib chiqishning ustuvor yo‘nalishlari belgilandi.
Xususan, 2027-yilga qadar bosqichma-bosqich pillachilik sohasida aholining mavsumiy bandligi 2 millionga yetkaziladi. Respublikada ochiq pilla bozorini tashkil etish, pillaning bozor narxlarida sotilishini tashkil etish orqali fermerlar, yakka tartibdagi tadbirkorlar va o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar pilla yetishtirishga jalb etiladi.
Ipak qurtining mahalliy zotlarini yaratishni pag‘batlantirish, sifatli ipak ishlab chiqarish, uni qayta ishlash darajasini oshirish va qo‘shilgan qiymatli tayyor mahsulot ishlab chiqarish uchun qulay sharoitlar yaratish belgilandi.
Birinchi bosqichda 2024-yilda pilla narxi 25 foizga oshiriladi. Pilla yetishtiruvchilar daromad solig‘idan ozod qilinadi.
Shuningdek, uy sharoitida tirik pilla yetishtirish bilan shug‘ullanuvchi (kasanachi)larni jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘idan ozod qilish belgilandi.
Tutzorlar yer maydoni 160 ming gektarga, dala chetlaridagi yakka qator ekilgan tut daraxtlari soni 500 millionga yetkaziladigan bo‘ldi. Respublikada ipak qurti urug‘iga bo‘lgan ehtiyojni mahalliylashtirish darajasi 80 foizga ishlab chiqariladigan xom ipak sifati 5A klassga hamda uni qayta ishlash darajasi 75 foizga yetkaziladi.
Gulnoza Boboyeva, Doniyor Yoqubov (video), O‘zA