Prezident hujjatlari ijrosini ta’minlashda mustahkam tizim yaratilmoqda

272

Prezidentimiz ijro intizomi yo‘nalishida mustahkam tizim yaratish, tartib o‘rnatish, temir intizomni joyiga qo‘yish, rahbarlar va xodimlarning dunyoqarashini o‘zgartirishni asosiy vazifa sifatida belgilab bergan.

Shu maqsadda davlat organlari va tashkilotlarining ijro intizomiga mas’ul bo‘linmalarining ijro intizomini mustahkamlashdagi rolini oshirishga e’tibor qaratilmoqda. Ijro intizomini mustahkamlash bo‘yicha yagona va uzluksiz “texnologik zanjir” tashkil etilmoqda.

Adliya vazirligi tomonidan “ljro.gov.uz” elektron tizimini  takomillashtirish va samaradorligini oshirish borasida amalga oshirilayotgan ishlarga bag‘ishlangan seminarda shu haqda so‘z yuritildi.

Hisob palatasi bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tadbirda “ljro.gov.uz” elektron tizimida davlatimiz rahbarining 3 ming 724 hujjatidagi topshiriqlar ijrosi monitoringi yuritiladi.

“Unicon soft” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan “ljro.gov.uz” tizimini takomillashtirish bo‘yicha joriy qilingan yangi mexanizmlar haqida ma’lumot berildi.

Jumladan, topshiriqlarning ijrosini oraliq nazorat qilish tartib-taomillari, davlat organlari va tashkilotlarining tegishli elektron tizimlari orqali topshiriqlar amalda bajarilganini tekshirish, davriy topshiriqlarning ijro muddatlarini belgilash hamda nazoratini olib borish kabi o‘zgartirishlardan ishtirokchilar xabardor bo‘ldi.

“ljro.gov.uz” elektron tizimi muntazam ravishda texnik jihatdan takomillashtirilmoqda. Xususan, tizim davriy topshiriqlarni avtomatik ravishda keyingi muddatga o‘tkazish, topshiriqlarda birdek mas’ul bo‘lgan tashkilotlarni teng shaklda ro‘yxatga olish, joylarda o‘rganilishi zarur bo‘lgan topshiriqlar ijrosini tizim orqali hududiy adliya organlariga tushirish kabi texnik imkoniyatlar bilan yanada kengaytirildi.

Tadbir yakunida “ljro.gov.uz” elektron tizimidagi mavjud muammolar bevosita ijrochilar bilan muhokama qilindi. Tizimni doimiy takomillashtirib borish bo‘yicha kelishib olindi.

N.Abduraimova, O‘zA