Xalqaro ko‘rgazmada O‘zbekiston o‘z stendi va ishlab chiqarilgan mahsulotlari bilan ishtirok etmoqda

Joriy yilning 15–17-may kunlari Ozarbayjonning Boku shahrida “Caspian Agro” va “InterFood Azerbaijan”– xalqaro ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tmoqda. Unda O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Alisher Shukurov ishtirok etmoqda.
Uch kunlik ko‘rgazma davomida qishloq xo‘jaligi texnikasi, qishloq xo‘jaligi ob’ektlari va uskunalari, sug‘orish tizimlari, qadoqlash, qishloq xo‘jaligidagi innovatsion texnologiyalar, chorvachilik va parrandachilik, issiqxona xo‘jaligi, ozuqa ishlab chiqarish, veterinariya, o‘simlikchilik, o‘g‘itlar va bog‘dorchilik mahsulotlari namoyish etiladi. Ko‘rgazmada atrof-muhitga zararli ta’sirlarni kamaytirishning samarali usullarini izlash nuqtai nazaridan barqaror qishloq xo‘jaligi va iqlim o‘zgarishi konsepsiyasiga alohida e’tibor qaratiladi. Ko‘rgazmada O‘zbekiston o‘z stendi va ishlab chiqarilgan mahsulotlari bilan ishtirok etmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi vazirligi matbuot xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, chet ellik hamkorlar tomonidan O‘zbekistonda agrar sohani rivojlantirish, islohotlarni chuqurlashtirish, raqobatbardosh, bozor va eksportga yo‘naltirilgan sifatli mahsulotlarga katta qiziqish bildirilmoqda. Asosan, tadbirkorlar va ishtirokchilar qadoqlangan mahsulotlar, quruq meva va qandolat mahsulotlarga qiziqish bildirgan.

Ko‘p yillardan buyon mintaqadagi eng yirik “Caspian Agro” ko‘rgazmasi qishloq xo‘jaligini rivojlantirish va mintaqada atrof-muhitga ta’sirni kamaytirishga qaratilgan yangi texnologiyalarni ishlab chiqish va joriy etishga o‘z hissasini qo‘shib kelmoqda.

“InterFood Azerbaijan” ko‘rgazma ishtirokchilari uchun o‘z mahsulotlarini sotish va o‘z kompaniyalari uchun distribyutorlar va vakillarni topish uchun imkoniyat joyidir.

Ko‘rgazma muzlatilgan oziq-ovqat va yarim tayyor mahsulotlar, qandolat va un mahsulotlari, konservalar, go‘sht mahsulotlari, sut mahsulotlari, meva va sabzavotlar, neft mahsulotlari, sharbatlar, choy, sog‘lom oziq-ovqat mahsulotlari, shuningdek, meva va sabzavotlarni qayta ishlash uchun uskunalar, qadoqlash va bir qancha boshqa mahsulotlar bitta platformada namoyish etilishi bilan ahamiyatli.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA