Joriy yilning may-iyun oylari davomida “Xavfsiz hayot uchun birlashaylik!” shiori ostida keng qamrovli ma’naviy-ma’rifiy, vatanparvarlik va sport tadbirlari o‘tkazilishi belgilandi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida” 2024 yil 21 fevraldagi PF–37-son Farmoni ijrosini ta’minlash hamda Ichki ishlar vazirligiga biriktirilgan yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ma’naviy dunyoqarashini yuksaltirish va ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash maqsadida, joriy yilning may-iyun oylari davomida “Xavfsiz hayot uchun birlashaylik!” shiori ostida keng qamrovli ma’naviy-ma’rifiy, vatanparvarlik va sport tadbirlari o‘tkazilishi belgilandi.

“Xavfsiz hayot uchun birlashaylik!” shiori ostida o‘tkaziladigan tadbirlar doirasida quyidagi nominatsiya va ko‘rik-tanlovlar o‘tkaziladi:

– “Yoshlar jinoyati va huquqbuzarligidan holi mahalla” nominatsiyasi;

– “Yoshlarga eng ko‘p yordam ko‘rsatgan tadbirkor” nominatsiyasi;

– “Xavfsiz va ravon yo‘l” nominatsiyasi;

–  “Ichki ishlar vaziri kubogi” voleybol bo‘yicha sport musobaqasi;

– “Zakovat” intellektual o‘yinlari;

– “Dillarda vatan madhi” shiori ostida qo‘shiq tanlovi;

– “Dillarda vatan madhi” shiori ostida sheriyat tanlovi;

– “Yosh huquqshunos” ko‘rik-tanlovi.

Mazkur tadbirlarning ochilish marosimi joriy yilning 19 may kuni ikki ming nafar yoshlar ishtirokida “Yangi O‘zbekistonton bog‘i”da, bir vaqtning o‘zida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahar va viloyatlar markazlarida onlayn tarzda yugurish tadbiri va “Vatanparvarlik marshi” o‘tkazilishi belgilangan.

Yangi O‘zbekiston bog‘ida o‘tkaziladigan, sog‘lom turmush tarziga chorlaydigan “Xavfsiz hayot uchun birlashaylik!” yoshlar marafoni  tadbirining ishtirokchi va mehmonlari uchun ko‘ngilochar dastur hozirlangan!  G‘olib bosh sovrini – 10 mln so‘mni qo‘lga kiritish imkoniga ega.

Tadbir boshlanish vaqti – 7:00.

Yugurish starti – 8:00 da.

Tadbirda qatnashish mutlaqo bepul.

23 iyun kuni tadbirning yakuniy bosqichi Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadi. Ushbu tadbirga yuqorida aytib o‘tilgan 8 ta nominatsiya va ko‘rik-tanlovlarning respublika g‘oliblari taqdirlanadi hamda konsert dasturi namoyish etiladi.

 

O‘zA