Bugun poytaxtimizdagi Renessans kino uyida “O‘zbekiston obidalaridagi bitiklar: asrlar qa’ridan taralayotgan nur” media tadbiri o‘tkazildi.

O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, saqlash va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyati (WOSCU), Fanlar akademiyasi va Ab-u Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti hamkorligida tashkil etilgan tadbirga olimlar, mutaxassislar  va  umumta’lim maktablari, kutubxonalar vakillari taklif etildi.

Unda so‘z olganlar «O‘zbekiston obidalaridagi bitiklar» loyihasining tatbiq etilishi mamlakatimiz madaniy-tarixiy merosini o‘rganish, asrab-avaylash va ommalashtirishga qaratilgani bilan ahamiyatli ekanini ta’kidladi.

Ushbu loyiha O‘zbekiston hukumatining tashkiliy va moliyaviy ko‘magida WOSCU tomonidan sherik tashkilotchilar bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda. Bugungi kunga qadar O‘zbekistonning barcha hududlariga bag‘ishlangan o‘zbek, rus, arab va ingliz tillaridagi 20 ta ko‘p tilli kitob-albomlar nashr etildi. E’tiborlisi, mazkur loyiha natijasida yurtimizning 2000 dan ortiq me’moriy yodgorliklaridagi yozuvlar tarjima qilingan. Mutaxassislar epigrafik materiallarning ulkan miqdorini topib, ularni o‘rganib, turkiy, arab va fors tillaridagi bitiklarning dastlabki o‘qilishi va tarjimalari bilan boyitgan.

20 jildli “O‘zbekiston obidalaridagi bitiklar” turkumidagi kitob-albomlar jami 220 ming nusxada chop etilgan. Mazkur kitob-albomlarning 200 ming nusxasi (10 ming to‘plami) aynan maktab kutubxonalariga tarqatilishi ko‘zda tutilgan.

Loyiha dastlab “Naqshlar orasiga bitilgan bitiklar” nomi bilan boshlangan. Tarixiy obidalarimizga bu bitiklar shunchalik singib ketganki, bu bezak sifatida qabul qilinib, uning matn mohiyati yo‘qolgan. Mana shu loyihaning dolzarbligini o‘rtaga olib chiqqan.

–Dastlab “O‘zbekiston obidalaridagi durdona  bitiklar” nomli   kitob-albom chiqarildi. Unda viloyatlar kesimida saqlanib qolgan eng go‘zal bitiklar saqlangan yodgorliklar tanlab olindi. Bu kitobning nashri  dunyodagi yarmarkalarda, yuqori o‘rinlarni egalladi. Bu tabiiyki, loyiha ishtirokchilariga katta turtki berdi. Shu tarzda loyiha davom ettirilib,  o‘zining 20 jildli kitob-albomlarining yaratilishiga sabab bo‘ldi. Ayniqsa, nashrlar orasida Qoraqalpog‘iston, Andijon, Buxoro, Qashqadaryo, Navoiy, Namangan, Surxondaryo, Farg‘ona, Xorazm, Toshkent viloyatlari va Toshkent shahri me’moriy yodgorliklaridagi epigrafik bitiklarga bag‘ishlangan kitob-albomlar borligi barcha hudud aholisi uchun e’tiborlidir, – dedi Sharqshunoslik instituti bo’lim boshlig’i S.Eshonova.

Tadbirda «O‘zbekiston obidalaridagi bitiklar» hujjatli filmi namoyish etildi. Shuningdek, unda poytaxtimizdagi barcha umumta’lim maktablari va kutubxonalari vakillariga «O‘zbekiston obidalaridagi bitiklar» turkumidagi 20 jildlik kitob-albomlarni bepul olish uchun sertifikatlar tantanali topshirildi.

Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA