Joriy yil Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug qo‘shinlarida o‘z yigitlik burchini o‘tash uchun kelgan yoshlarning Vatanga qasamyod qabul qilish marosimi bo‘ldi.

Shu munosabat bilan Nukus garnizonidagi harbiy qismlarning birida o‘tgan tantanali tadbirda davlat va jamoat tashkilotlari vakillari hamda muddatli harbiy xizmatchilarning ota-onalari va yaqinlari ishtirok etdi.

Yangi chaqirilgan muddatli harbiy xizmatchilar ona yurtimizning sarhadlarini, xalqimiz tinchligi va osoyishtaligini so‘nggi nafasi qolguncha himoya qilishga ont ichib, Vatanga qasamyod qabul qildi. Harbiy orkestr sadolari ostida O‘zbekiston Respublikasi va Qoraqalpog‘iston Respublikasining davlat madhiyalari kuylandi.

Tadbirda Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondoni general-mayor Farhodjon Shermatov, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisining o‘rinbosari Rajabboy Nurazizov, Nukus harbiy prokurori, adliya polkovnigi Ulug‘bek Abdurahimov va boshqalar so‘zga chiqib, ona yurtni himoya qilishdek muqaddas burchni bajarishga kirishgan yangi muddatli harbiy xizmatchilarni qutladi. Vatanga qasamyod – har bir vatanparvar, yurtsevar yigitning o‘z Vatani va xalqiga bo‘lgan mehri, muhabbati, sadoqatining yorqin ifodasi ekani e’tirof etildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti nomidan askarlarga sovg‘a sifatida taqdim etilgan “O‘zbekiston tarixi” va “Temur tuzuklari” kitoblari yigitlarning ma’naviy-ma’rifiy saviyasini yuksaltirishga xizmat qiladi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi “Ayqulash” davlat folklor ansambli hamda taniqli xonandalar tomonidan ijro etilgan milliy kuy va qo‘shiqlar tadbirga bayramona ruh bag‘ishladi.

Tantanali tadbirdan so‘ng qasamyod qilgan askarlar sharafiga bayramona dasturxon yozildi, yaqinlari bilan diydor ko‘rishishi uchun sharoit yaratildi.

Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat),

O‘zA muxbirlari