2024-yilning 7-9-fevral kunlari Belarus Respublikasi davlat rahbarining O‘zbekiston Respublikasiga rasmiy tashrifi davomida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev hamda Belarus Respublikasi Prezidenti Aleksandr Lukashenko tomonidan mamlakatlar o‘rtasida turli sohalarda, jumladan, oliy va professional ta’lim sohasida o‘zaro manfaatli aloqalar va hamkorlikni yanada mustahkamlash muhimligi qayd etilgan edi.

I O‘zbekiston-Belarus professional ta’lim forumi ayni kelishuvlarning amaliy natijasi bo‘ldi.

Minsk shahridagi Milliy kutubxonada o‘tkazilgan forumni Belarus Respublikasi ta’lim vaziri Andrey Ivanes, O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov hamda O‘zbekiston Respublikasining Belarus Respublikasidagi Favqulodda va muxtor elchisi Rahmatulla Nazarov ochib berdi.

Mazkur xalqaro tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi Ijtimoiy rivojlanish departamenti rahbari Odil Abdurahmonov  ham ishtirok etib, Belarus va O‘zbekistonning ta’lim sohasidagi hamkorligi ikki mamlakatning barqaror ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi uchun yangi imkoniyatlar yaratishga xizmat qilishini ta’kidladi.

Ikki davlatning tegishli vazirliklari, oliy o‘quv yurtlari va kollejlarining mas’ul xodimlaridan 80 nafardan ortiq ishtirokchi ushbu keng ko‘lamli tadbirda ishtirok etdi. Xususan, respublikamizning turli hududlarida faoliyat yuritayotgan professional ta’lim muassasalari (kasb-hunar maktablari, texnikumlar) direktorlari hamda oliy ta’lim muassasalari rektorlari qatnashdi.

Mazkur forum Belarus va O‘zbekiston o‘rtasida professional ta’limni rivojlantirish bo‘yicha yaqin aloqalarni o‘rnatish, mutaxassislar o‘rtasida bilim almashish, professional ta’lim sohasidagi Belarusning eng yaxshi ishlanmalari bilan bevosita tanishish imkonini beradi. Shuningdek, professional ta’lim tizimini yanada rivojlantirish masalalari bo‘yicha doimiy muloqot platformasi yaratiladi.

Forumda O‘zbekiston Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda Belarus Ta’lim vazirligi o‘rtasida professional ta’limni rivojlantirish bo‘yicha hamkorlikni amalga oshirish to‘g‘risidagi 2024–2025-yillarga mo‘ljallangan “Yo‘l xaritasi” hamda ikki mamlakat oliy va professional ta’lim muassasalari o‘rtasida qo‘shma ta’lim dasturlarini joriy etish, akademik mobillikni rivojlantirish, bitiruvchilar va pedagoglar stajirovkalarini tashkil etish bo‘yicha 50 ga yaqin hujjat imzolandi.

Forum natijalariga ko‘ra, O‘zbekistonning 14 ta innovatsion tumanida Belarus tajribasi asosida elektrotexnika va qayta tiklanuvchi energetika, qurilish va kommunal xo‘jaligi, qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat texnologiyalari, mashinasozlik va avtomobillarga texnik xizmat ko‘rsatish mutaxassisliklari bo‘yicha yangi ta’lim dasturlarini joriy etishga kelishildi.  Bunda Belarusning o‘rta bo‘g‘in kadrlarini tayyorlash bo‘yicha ilg‘or tajribasi asosida “Professional ta’lim yo‘nalishlari, mutaxassisliklari va kasblari klassifikatori”ni takomillashtirish muhim ahamiyat kasb etadi.

Belarusda yaratilgan 30 nomdagi zamonaviy darslik va o‘quv qo‘llanmalari O‘zbekiston professional ta’lim muassasalari o‘quv jarayoniga bosqichma-bosqich joriy etiladi. Belarusning yirik va yuqori texnologik korxonalarida O‘zbekistondagi professional ta’lim muassasalarida tegishli ta’lim dasturlari bo‘yicha tahsil olayotgan o‘quvchilar amaliyoti hamda ishlab chiqarish ta’limi ustalarining stajirovkalari tashkil qilinadi.

Shuningdek, Belarusning kompetensiya markazlarini tashkil etish bo‘yicha tajribasi asosida O‘zbekistonning 14 ta hududida ilg‘or professional tayyorgarlik markazlarini tashkil etishda uslubiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Ilg‘or professional tayyorgarlik markazlari tashkil etilishi  rejalashtirilgan professional ta’lim muassasalarining 28 nafar boshqaruv va pedagog kadri 2+2 sxemasi bo‘yicha (O‘zbekistonda 2 hafta va Belarusda 2 hafta) malakasini oshirish bo‘yicha dastur ishga tushiriladi. Belarus oliy va professional ta’lim muassasalarining ishlab chiqarish bilan integratsiyasi bo‘yicha tajribasini o‘rganib, mamlakatimizda qo‘llash yuzasidan takliflar ishlab chiqiladi.

Oliy ta’lim muassasalari talabalarining Belarusning talabalar otryadlarida ishtirok etishi yo‘lga qo‘yiladi. Ularning yirik sanoat korxonalarida ishlab chiqarish amaliyotlarini tashkil etishi esa bo‘lajak mutaxassislarning nazariy bilimlarini amaliyotda mustahkamlash, talabalar o‘rtasida do‘stlik rishtalarini shakllantirish imkonini yaratadi. Bunda talabalar otryadlarida ishtirok etganlarga kasbiy razryad olish imkoniyati beriladi.

Ikki mamlakat yetakchi olim va tadqiqotchilari o‘rtasida ilmiy-texnologik konsorsium tashkil etilib, O‘zbekiston-Belarus qo‘shma ilmiy va maqsadli loyihalar tanlovini o‘tkazish hamda umumiy qiymati 20 milliard so‘m miqdoridagi jami 20 ta loyihani, shu jumladan professional ta’lim sohasini rivojlantirishga qaratilgan loyihalarni moliyalashtirish ham muhimdir. Shuningdek, muhandislik-texnika sohasi bo‘yicha 40 nafar professor-o‘qituvchi va tadqiqotchini Belarus ilmiy va oliy ta’lim muassasalarida tanlov orqali stajirovkalari tashkil etiladi.

Bundan tashqari, oliy ma’lumotli va o‘rta bo‘g‘in kadrlar tayyorlashda fuqarolik va vatanparvarlik tarbiya jarayonlari bo‘yicha tajriba almashiladi.

Forum doirasida ishtirokchilar akademik M.S.Visotskiy nomli Minsk davlat avtomexanika kolleji, Volma ekotexnoparki va boshqa professional ta’lim muassasalari faoliyati bilan tanishdi.

 

Muhayyo Toshqorayeva,  

O‘zA