“O‘zbekneftgaz” – Jahon banki: metan chiqindilarini kamaytirishga oid loyihalar bo‘yicha hamkorlik
Kecha o‘z ishini yakunlagan O‘zbekiston energetika haftaligi doirasida “O‘zbekneftgaz” AJ va Jahon banki vakillari o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Unda tomonlar energiya samaradorligini oshirish, gaz qazib chiqarish hajmini ko‘paytirish va metan chiqindilarini kamaytirish loyihalariga investitsiya kiritish imkoniyatlari xususida so‘z yuritdi.
Muloqot chog‘ida “O‘zbekneftgaz” AJ tasarrufidagi ob’ektlarning energiya samaradorligini oshirish va metan chiqindilarini kamaytirishga qaratilgan loyihalar bo‘yicha ma’lumotlar berildi.
Qayd etilganidek, mamlakatimizda sohada amalga oshirilayotgan islohotlar o‘z natijasini bermoqda. Bu borada xorijiy kompaniyalar bilan ham o‘zaro hamkorlik aloqalari ham mustahkamlanib bormoqda.
Uchrashuv yakunida Jahon banki vakillari “O‘zbekneftgaz” AJ tomonidan metan chiqindilarini kamaytirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan loyihalarga moliyaviy yordam ko‘rsatishga tayyorligini ta’kidladi.
N.Ziyodullayeva,
O‘zA