Malayziyalik investorlar bilan hamkorlikni kengaytirish masalasi ko‘rib chiqildi

O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov Malayziyaning “Khazanah Nasional”, “Employees Provident Fund” va “Petronas” jamg‘armalari rahbarlari bilan video aloqa orqali uchrashuv o‘tkazdi.
“Petronas” yer yuzidagi 500 eng yirik kompaniya reytingiga kiritilgan Malayziyaning yirik milliy neft, gaz va kimyo kompaniyasi. “The Employees Provident Fund” esa xodimlarni ta’minlash bo‘yicha dunyoda birinchilardan bo‘lib tashkil qilingan fond. 1951-yil ish boshlagan tuzilma 1991-yil qabul qilingan “Xodimlarni ta’minlash jamg‘armasi” to‘g‘risidagi qonunga muvofiq, malayziyalik ishchilarga nafaqa uchun mablag‘ jamlab boradi.
“Khazanah Nasional” hukumatning suveren jamg‘armasi bo‘lib, muayyan tijorat va strategik maqsad orqali mamlakat boyligini uzoq muddatli istiqbol uchun oshirishga xizmat qiladi.
Muzokaralar chog‘ida kompaniyalar rahbarlari O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar tufayli erishilayotgan ijobiy o‘zgarishlarga qiziqish bildirdi. Bank, moliya, energetika va kimyo sohalarida investitsiya loyihalarini birgalikda amalga oshirishni nazarda tutgan holda, ikki tomonlama sarmoyaviy munosabatni mustahkamlash imkoniyati muhokama qilindi.
Yuqori darajada o‘tkazilishi rejalashtirilgan qo‘shma tadbirlarga alohida e’tibor qaratilib, ayrim tashkiliy jihatlar yuzasidan kelishib olindi.
Tomonlar savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlik ko‘lamini yanada kengaytirish, yangi tashabbuslar ishlab chiqish, o‘zaro tovar ayirboshlash miqdorini oshirish va diversifikatsiya qilish choralarini ko‘rishga tayyorliklarini bildirdi.
O‘zA