Ma’lumki, BMTning Atrof-muhit bo‘yicha 6-Assambleyasida (UNEA-6) 11-rezolyutsiya qabul qilingan bo‘lib, unda qishloq xo‘jaligida o‘ta xavfli pestitsidlarni muomaladan chiqarish va muqobillarga o‘tishni rag‘batlantirish hamda ularning mavjudligini ta’minlash uchun samarali choralar ko‘rishga e’tibor qaratilgan.

Agroekologik amaliyotni takomillashtirish va ularni integratsiyalashtirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan “2030-yilgacha atrof-muhitni muhofaza qilish konsepsiyasi”, “Qishloq xo‘jaligini 2030-yilgacha rivojlantirish strategiyasi”, “Organik qishloq xo‘jaligi va organik oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarishni rivojlantirish konsepsiyasi va uni amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” qabul qilingan.

Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) tomonidan ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi bilan hamkorlikda hamda Yevropa Ittifoqining moliyaviy ko‘magida “Xavfli kimyoviy moddalarni oqilona boshqarish bo‘yicha texnik ko‘mak” loyihasini amalga oshirish bo‘yicha seminar tashkil etildi. Unda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov, Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi delegatsiyasi texnik hamkorlik bo‘limi rahbari Vim Riyepma, FAO ning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbarining o‘rinbosari Sherzod Umarov, vazirlik va idoralar vakillari, xalqaro tashkilotlar, nodavlat notijorat tashkilotlari, milliy va xalqaro ekspertlar ishtirok etdi.

Seminar davomida loyihaning maqsad va vazifalari taqdim etildi. Ishtirokchilar loyihaning ko‘lami, konsepsiyasi va kutilayotgan natijalar bilan tanishtirildi.

– O‘zbekistonda ilk bor xavfli kimyoviy moddalarni oqilona boshqarishga qaratilgan loyiha amalga oshirilmoqda deydi Aziz Abduhakimov. – Ushbu loyiha doirasida O‘zbekistonda tegishli qonunchilik tamoyillarini amalga oshirish, umuman olganda, kelajakda xavfli kimyoviy moddalardan to‘g‘ri foydalanish maqsad qilingan. Ma’lumki, Sobiq ittifoq davrida yurtimizda paxta yetishtirish davomida juda xavfli pestitsidlar ishlatilgan. 450 dan ortiq kichik-kichik aeroportlar bo‘lgan va ularda juda katta miqdorda xavfli moddalar yig‘ilib qolgan. Bundan tashqari, ayrim korxonalarda ham kimyoviy moddalar mavjud. Loyihada ana shu zararli moddalarni suv va tuproq tarkibidan ajratib olib, ularni qayta ishlash texnologiyalarini joriy qilishga katta e’tibor qaratilmoqda.

Tadbirda qayd etilishicha, mamlakatimizda so‘nggi yillarda eskirgan yoki ta’qiqlangan pestitsidlar zaxiralari va zaharli kimyoviy moddalar saqlanadigan idishlar ko‘milgan 8 ta obyektda konservatsiya ishlari olib borildi, yana 2 ta obyektda konservatsiya ishlari boshlandi va bitta obyektda rekonstruksiya ishlari olib borildi.

– O‘zbekiston hukumati va FAO bilan hamkorligimiz eskirgan chiqindilarni tozalash, chiqindilarni boshqarishni takomillashtirish va pestitsidlar chiqindilarini ishlab chiqarishni qisqartirish orqali atrof-muhit va aholi salomatligini muhofaza qilish  jamoaviy majburiyat namunasidir deydi Vim Riyepma. – Biz hamkorlikda kimyoviy chiqindilarni boshqarishdan ham ko‘proq ishlarni amalga oshiramiz. Zararkunandalarga qarshi kompleks kurash, salomatlik va ekologik xavflardan xabardorlik sog‘lom, ekologik toza va iqtisodiy jihatdan foydali qishloq xo‘jaligi sektori kafolatidir.

Mutaxassislarning so‘zlariga ko‘ra, qo‘shma loyihani amalga oshirish zararli kimyoviy moddalar va ular bilan bog‘liq chiqindilarni boshqarish mexanizmlari va vositalarining samaradorligini oshirish, shuningdek, qishloq xo‘jaligida xavfli pestitsidlardan foydalanishni qisqartirish, shu jumladan pestitsidlarni almashtirish va ulardan foydalanishni qisqartirishni nazarda tutuvchi muqobil usullarni joriy etish va ilgari surish imkonini beradi. Qishloq xo‘jaligi xodimlari o‘rtasida o‘ta xavfli pestitsidlardan foydalanishni kamaytirish zarurligi to‘g‘risida tushuntirish ishlariga alohida e’tibor qaratiladi. Shu bilan birga, bu loyiha qishloq xo‘jaligida zararli kimyoviy moddalardan foydalanish bilan bog‘liq mavjud muammolar ko‘lamini anglashga xizmat qiladi.

– Mazkur loyiha chiqindilarni boshqarish bo‘yicha Milliy strategiyani ishlab chiqish, qishloq xo‘jaligidagi xavfli chiqindilar bo‘yicha yaxshiroq ma’lumotlar bazasini hosil qilish va xavfli chiqindilarni qayta ishlash korxonalarini yaratadi deydi Sherzod Umarov.  –  Bundan tashqari, loyiha qishloq xo‘jaligida barqaror usullarni targ‘ib qilishni kengaytirishga yordam beradi, bu esa fermerlar va iste’molchilar uchun pestitsidlardan foydalanish xavfini kamaytiradi. Muassasalar va aholining qishloq xo‘jaligida xavfli kimyoviy moddalardan foydalanish bilan bog‘liq xavf-xatarlardan xabardorligini oshirishga katta e’tibor qaratiladi.

Seminar yakunida ma’ruzachilar tomonidan taqdim etilgan ish rejalar ko‘rib chiqildi va ularni kelgusida amalga oshirish shartlari kelishib olindi.

 

Muhayyo Toshqorayeva,

O‘zA